date
views 150

Avtobus yoʻlaklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi

Avtobus yoʻlaklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
2 yil oldin hukumat qabul qilgan qarorga qoʻshimcha kiritilib, jamoat transportining alohida tasmasi bor yoʻlidan boshqa transport vositalari harakatlanishi taqiqlandi.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 10 oktyabrda qabul qilgan tegishli qarori bilan 2022 yil 12 aprelda qabul qilingan 172-sonli qarorga qoʻshimcha kiritildi.

Unga koʻra, 172-sonli qarorga yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻldan yoʻnalishli jamoat transport vositalaridan tashqari boshqa transport vositalarining harakatlanishini taqiqlashga qaratilgan 171 bob bilan qoʻshildi.

Endi yoʻnalishli transport vositalari uchun alohida ajratilgan tasmasi bor yoʻldan yoʻnalishli jamoat transport vositalari harakatlanishi mumkin va boshqa transport vositalari ushbu yoʻlakda harakatlanishi taqiqlanadi. Bu qoida tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Bu yoʻldan harakatlanishi taqiqlangan transportlar yon koʻchalarga kirish yoki undan chiqish uchun kirish-chiqish joyidan 50 metr masofada uzuq-uzuq chiziqli joygacha yoxud yaqin masofadagi uzuq-uzuq chiziqli joygacha ushbu yoʻldan harakatlanishi mumkin.

Bunda transport vositasi mazkur yoʻlakda harakatlanib kelayotgan yoʻnalishli transport vositasi harakatiga toʻsqinlik qilmasligi va unga yoʻl bergandan soʻng yondosh hududga kirish yoki chiqish harakatini amalga oshirishga ruxsat etilgan.

Amaldagi qonunchilikka koʻra, haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yoʻlkalaridan yurgizishi, yoʻl belgilari va yoʻl harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 128-moddasi bilan BHMning ikkidan bir qismi, ya'ni 187 500 soʻm miqdorida jarimaga tortiladi.

Agarda avtomobil oʻsha yoʻlakda toʻxtasa, toʻxtaganda ham bu holat yoʻlovchini tushirish yoki chiqarish bilan bogʻliq boʻlmasa, unga Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 128-6 moddasi bilan BHM miqdorining 2 baravari – 750 ming soʻm miqdorida jarima jazosi beriladi.

Yangilik bilan ayni vaziyat oʻzgaradimi?

Yoʻl harakati xavfsizligi qoidasiga oʻzgartirish kiritilib, avtomobil haydovchilarining majburiyati oshirilayotgani yaxshi. Ammo bunda bir qancha jihatlar inobatga olinishi kerakdek.

Ya'ni MJtKda ayni bu huquqbuzarlik uchun jarima miqdorining oshib borishi qilmishni takroriy sodir etilishiga bogʻlab qoʻyilgan. Ammo avtomatlashtirilgan tarzda roʻyxatga olinganda huquqbuzarliklarning takroriyligi hisobga olinmaydi.

Buning ustiga jarima 187,5 ming soʻmni tashkil etadi. Jarimaning kamligi, boz ustiga avtobus yoʻliga tushib olganlarni fiksatsiya qilish tizimi deyarli yoʻqligi yoki ishlamasligi ushbu alohida tasmali yoʻlaklarda mashinalar harakati kamayishiga olib kelmaydi, hozirgi vaziyat oʻzgarmasligi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Avtobus yoʻlaklarida boshqa transportlarning harakatlanishi ustidan nazorat kuchaytirildi
-->