
«Nosogʻlom turmush ortidan kelgan qotillikning eng ayanchli joyi shu. Sud hukmi oʻqib eshittirilganda, oʻzimni boshqara olmadim. Baqirib yigʻlab yubordim. Nega, bilasizmi, oʻlgan oʻldi, qamalgan qamaldi... bechora 4 nafar bola uch taraf boʻldi. Kattalarning noqobilligini goʻdaklar tortishadigan boʻldi...», — deydi sudda qatnashgan marhumaning yaqin qarindoshlaridan biri.
Jinoyat ishlari boʻyicha Qorakoʻl tumani sudi raisi Boborahim Ochilovning ma'lum qilishicha, 1975 yilda tugʻilgan yakka tartibda kosib boʻlib ishlagan II-guruh nogironi O.H. rashk tufayli turmush oʻrtogʻi S.E.ni 16 marotaba pichoqlab oʻldirgan.
O.H. hamda S.E.lar 2013 yilda qonuniy nikohdan oʻtib, turmush qurishgan. S.E.ning ikkinchi turmushi boʻlib, yangi oilaga oʻzi bilan 3 yoshar qiz farzandini ham olib kelgan boʻlgan. Ular 11 yil birga yashash davomida yana uch farzandni dunyoga keltirishgan va jami 4 nafar farzand bilan tinch-totuv yashab kelishgan. Ayni paytda bu farzandlarning toʻngʻichi 14 yoshda, keyingisi 11 yosh, oʻrtanchasi 9 yosh va kenja farzand 5 yoshda.
«Toʻrt nafar oʻgʻil-qizni tarbiyalab, voyaga etkazib kelayotgan oilada keyingi yillar turli mash-masha va kelishmovchiliklar boshlangan edi. Er-xotin oʻrtasidagi oʻzaro mojaro mahalla faollarini ham ancha tashvishga solgandi. Oʻzaro kelishmovchiliklari janjal va oʻrni kelganda, bir-birini urib-soʻkishlarga ham sabab boʻlgan. Doimiy rashk qilar, xotinini suyuqoyoqlikda, uni begona erkaklar bilan ishqiy munosabatda boʻlib kelganlikda ayblardi...» — deydi mahalla faollaridan biri.
Sud hujjatlariga koʻra, S.E. turmush oʻrtogʻi O.H.ga «qoʻling bilan ushlamagan narsangga gapirma», «jonga tegding, istagan kishim bilan yuraman» degan, uni tuhmat va haqoratlari uchun ichki ishlar organlariga topshirib, qamatib yuborishini poʻpisa bilan aytgan. Rashk tufayli turli vajlar koʻrsatib kelgan O.H. xotinini xiyonatda ayblayvergan va oxiri uni uyidan quvib haydagan.
S.E. turmush oʻrtogʻining ustidan davlat organlariga shikoyat arizasi bilan kirgan. O.H. esa xotinidan shikoyat arizasini qaytarib olishini talab qilgan. Biroq, S.E. buni qat'iy rad etgach, O.H. oʻzi bilan yashirin ravishda choʻntagida olib chiqqan oshxona pichogʻi bilan xotiniga tashlangan. Bir, ikki, uch, toʻrt... bu pichoq sanchilishlarni 16 marotabasiga toʻxtatgan. Jinoyati ustida hech kim yoʻqligiga amin boʻlgan va pichoqni muzlatgich orqasiga tashlab, voqea joyidan chiqib ketgan. Qilmishi yuzasidan singlisiga qoʻngʻiroq qilib bildirgan.
«14 yillik turmushlari barbod boʻldi. O.H.ni biz ham, hatto, S.E.ning yaqin qarindoshlari ham koʻp bor tinchlanishga, farzandlari uchun tovfiqli yashashga, oʻrtalaridagi kelishmovchiliklarga chek qoʻyishlariga chaqirganmiz. Ammo, jahl kelsa, aql qochadi, deyishgandek, 4 nafar farzandning ham onasiz, ham otasiz qolishiga sabab boʻldi», — deydi mahalla faoli.
Sud holat yuzasidan oʻz ishini yakunlagunga qadar Qorakoʻl tumani hokimining ham toʻrt nafar voyaga etmagan bolalarni yaqin qarindoshlarga vasiylik asosida topshirish boʻyicha qaror chiqargan. Ushbu qarorga asosan, bir nafar besh yoshli va bir nafar 9 yoshli qiz O.H.ning opasiga, 14 yoshli qiz S.E.ning opasiga, 11 yoshli oʻgʻil farzand 2013 yil 7 iyun kuni tugʻilgan Hamroeva Ochilgul Ogʻajon qiziga vasiy O.H.ning akasiga vasiylikka berilgan.
Aybdorga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasiga asosan, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar