15:46 / 22.11.2024
20

O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»

O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
O‘mon sultonligi muloqot, bag‘rikenglik kuchiga ishonadi va global miqyosda tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga harakat qiladi. Bu haqda O‘monning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vafo bint Jabr Nosir al-Busaidiy Toshkentda sultonlik milliy bayrami munosabati bilan tashkil etilgan tadbirdagi nutqida gapirdi.

«Bugungi kunda dunyoning turli burchaklarida kuzatilayotgan adolatsizliklar bizni jiddiy xavotirga solmoqda. Xususan, Falastinda davom etayotgan vaziyat bizda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Shu bois, O‘mon cultonligi zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga, Isroil kuchlarini Falastin yerlaridan olib chiqishga va poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini tiklashga chaqiradi. O‘mon cultonligi xalqaro huquqni hurmat qilishning ahamiyatini ta’kidlaydi, shu bilan birga, biz adolatni qo‘llab-quvvatlash, G‘azo va uning tashqarisida azob-uqubatlarning yanada ortishi oldini olish uchun harakat qilamiz», – dedi elchi xonim.

Ta’kidlanishicha, rasmiy Masqat urushlar, mojarolar, ekologik inqirozlar kabi global muammolarni harbiy kuch, marginalizatsiya yoki ikki tomonlama standartlar orqali hal qilib bo‘lmasligini tan oladi. Shunga ko‘ra chinakam xavfsizlik va barqarorlik omili sifatida adolat, ochiqlik va hamjihatlikka asoslangan konstruktiv hamkorlikka chaqiradi.

«Asrlar davomida O‘mon cultonligi turli-tuman madaniyatlar va xalqlar, savdogarlardan tortib qabilalargacha, mushtarak maqsadlar va g‘oyalar sari birgalikda intilib kelgan muhim markaz bo‘lib xizmat qilgan. Bu hamkorlik ruhi bugun ham millatimiz va yutuqlarimizni shakllantirishda asqotmoqda», – dedi diplomat.

Elchi o‘z nutqi davomida O‘mon va O‘zbekiston hamkorligiga ham alohida to‘xtaldi.

O‘mon sultonligi 1991 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olgan. Toshkentda sultonlik elchixonasi 2010 yilda ochilgan.

«O‘mon sultonligi O‘zbekistonga investitsiya kiritish ahamiyatini birinchilardan bo‘lib anglab yetgan davlatlardan biri bo‘ldi. Bu borada 2010 yilda turli sohalarga investitsiyalar kiritish maqsadida 250 million AQSH dollari miqdoridagi kapitaliga ega O‘mon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi tashkil etildi. Bu raqam 2025 yilga kelib 800 million AQSH dollariga yetkazilishi kutilmoqda. «UzOman Capital» O‘zbekiston xususiy sektorida eng yirik investitsiya kompaniyasi hisoblanadi. Ayni paytda kompaniya logistika sohasida ham kengayishni rejalashtirib, O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda mamlakat va Markaziy Osiyo mintaqasiga qaratilgan yangi investitsiya fondini yaratishni rejalashtirmoqda», – dedi Vafo al-Busaidiy.

Ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar ochilishi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. «Oman Air» kompaniyasi ikki poytaxt o‘rtasida aviareyslar ochish ustida ish olib bormoqda. O‘zbekistondagi «Centrum Air» xususiy aviakompaniyasi esa Toshkentdan O‘monning Salalah shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnovlarni amalga oshira boshladi.

Joriy yil mart oyida O‘monning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or laboratoriya xizmatlarini taqdim etish, tekshirish va sertifikatlashga ixtisoslashgan «Atyab» kompaniyasi O‘zbekistonda ilk xorijiy laboratoriyasini ochdi. Bu loyiha innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Oktyabr oyida esa «Asyad Group» O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu kelishuv O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda quruqlik portlari, omborxona xizmatlari, havo va temir yo‘l orqali yuk tashish kabi kompleks logistika yechimlarini taqdim etishni nazarda tutadi.

Avval xabar berganimizdek, Vafo al-Busaidiy joriy yil 7 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga yangi tayinlangan elchi sifatida ishonch yorlig‘ini topshirgandi.

O‘shanda Sh.Mirziyoyev O‘mon O‘zbekistonning Yaqin Sharqdagi muhim hamkorlaridan biri ekani, Toshkentda Sulton Haysam Ol Said ishtirokida ochilgan Sharqshunoslik institutining muhtasham kutubxonasi davlatlarimiz o‘rtasida do‘stlik ramziga aylanganini ta’kidlagandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»