11:35 / 24.11.2024
15

Taxtni tashlab qochgan bangi...

Taxtni tashlab qochgan bangi...
Ko‘rinishidan yog‘och o‘ymakoru naqqosh va zargarlar tomonidan jilo berilgan maftunkor taxt oddiy san’at asariga o‘xshaydi. Bugun uni sayyoh sifatida Buxoro, Xiva va Qo‘qonga borib, bemalol tomosha qila olasiz. Ammo davlat tuzumi feodal monarxiyaga asoslangan o‘tmish davrlarda, saroyning qoq o‘rtasida turgan taxtga faqat hukmdorgina o‘tira olardi...

Hech bir sir-sinoati yo‘q taxt faqat bugun ko‘zingizga noyob san’at asari sifatida maftunkor tuyuladi. Ammo har bir voqea-hodisa ana shu taxtda o‘tirgan kimsaga bog‘liq bo‘lgan davrlarda ota bilan bola, og‘a-ini, qarindoshlar o‘rtasida dahshatli jangu jadallar kechgan. Ming chiranmasin, bir kun bo‘lsa-da taxtga o‘tirish nasib etmagan yoki atigi bir haftagacha taxtda o‘tirgan hukmdorlar ko‘p. Ammo taxt talashgan to‘ralar turib, chetdan kelgan va kimningdir panohida hukmdorlikni qo‘lga kiritgan shaxslar ham bo‘lgan. Shulardan biri Ibrohim xayol edi.

Ma’lumki, Buxoro amiri Nasrulloxon Qo‘qon xonligini bosib olgach, 1842 yil 6 may kuni Qo‘qon xoni Madalixonni, o‘g‘li va ukasi hamda onasini qatl ettiradi. Taxtga esa o‘zbeklarning mang‘it urug‘idan bo‘lgan, Amir Nasrulloxon saroyida parvonachi lavozimida xizmat qilayotgan Ibrohim chiqadi. Shu tariqa Qo‘qonning o‘zidagi ming urug‘idan bo‘lgan taxt talashayotgan to‘ralar qolib, buxorolik kishi xonlikni boshqara boshlaydi.

Ibrohimxon o‘sha vaqtda xalq o‘rtasida Taryokiy yoki boshqacha aytganda, Ibrohim xayol nomi bilan mashhur edi. Qo‘qon taxtida o‘tirgan xonning xayol laqabini olishiga uning ko‘knori hamda nashaga qattiq ruju qo‘yganligi sabab edi. Amir Nasrullo unga hukmronlikni ishonib topshirib Buxoroga qaytgach, taxtda o‘tirish tushiga ham kirmagan Ibrohim xayol endi bangilikka berilib ketadi. Amaldorlarning turli ishlar bilan saroyga kelaverishi Ibrohim xayolning kayfini buzar, hayotining bosh maqsadi bo‘lgan bangilikka qattiq xalal berardi. Alal oqibat u barcha davlat ishlarini amaldorlariga topshirib, o‘zi sevgan mashg‘ulot bilan shug‘ullandi. Bu paytda bangi va amaldorlarning zulmidan bezgan xalq qashshoqlik holatida edi.

Tarixchi Mulla Olim Mahdum Hoji «Tarixi Turkiston» asarida yozganidek, «Ibrohim xayol behayrona hukmlar qilib, ahvolning ta’ayyur va tabdilig‘a sabab bo‘lubdur».

Kechagina urushdan chiqqan xonlik aholisiga nisbatan zulmning kuchaygani, soliqlarning oshirilishi, xalq mol-mulkining talon-taroj qilinishi qo‘qonliklarning sabr-kosasi to‘lishiga olib keldi. Natijada Ibrohim xayolning askarlarini chekka-chekkada ushlab o‘ldirish, isyonlar boshlanib ketdi.

Bu paytda Ibrohim xayol ko‘knor va nasha kayfida taxtda o‘tirar, bangi xon amaldorlari bundan foydalanib boyish ilinjida xalqning so‘nggi nonigacha tortib olardi. Shu tariqa xalq sabri to‘lib isyon boshlagach, kayf og‘ushidagi Ibrohim xayol jonini afzal deb bilib, taxtni tashlagancha Qo‘qondan bir kechada chiqib ketdi.

E’tiborlisi shundaki, Ibrohim xayol xazinadan biror narsani o‘marishni, mol-mulk olib ketishni xayoligayam keltirmay, saroy amaldorlariga ham indamay, buxorolik uch-to‘rt hamrohi bilan qumga singan suvdek benomu nishon g‘oyib bo‘ldi. Uning Qo‘qon taxtidagi hukmdorligi 1842 yil 6 maydan 23 iyulgacha davom etgan edi, xolos.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dots.nt.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Taxtni tashlab qochgan bangi...