14:34 / 24.11.2024
7

O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilinadi

O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilinadi
O‘zbekistonda “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi.

Shu sanadan boshlab “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etiladi. Elektron tizimda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, o‘rta va yuqori darajalarga tasniflanadi. Xavf darajasi past bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilmaydi.

2025 yil 1 yanvardan quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinadi:
  • fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish;
  • majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish;
  • xodimlar sonini yashirish.

2025 yil 1 martdan boshlab sudda ish yuritish taraflar kelishuv bitimi tuzgani sababli tugatilganda, davlat boji birinchi instansiya sudida — 70 foizi, apellyatsiya va kassatsiyada — 30 foizi qaytarib beriladi.

Farmon bilan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibi joriy etiladi.

Bunda tekshiriladigan tadbirkorlik subyekti aniq bo‘lmagan holatlarda, tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida biznes-ombudsman xabardor etiladi.

Tadbirkorlar huquqiy himoyasini kuchaytirish

Shavkat Mirziyoyev 4 noyabr kuni tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Unda 2025 yil 1 yanvardan bitta huquqbuzarlik uchun bitta javobgarlik chorasini belgilash rejalashtirilayotgani, jumladan, tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinishi ma’lum qilingandi.

Nizolar hal qilinishini yengillashtirish maqsadida 2025 yil 1 martdan sudda ish yuritish taraflar kelishuvi bilan tugatilganda davlat bojining bir qismini qaytarib berish tartibi joriy etilishi ham aytib o‘tilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilinadi