Viloyat boshqarmasiga vazirlikdan sim qoqishdi. Joyida amaliy yordam koʻrsatish uchun mutaxassis yuborishayotgan ekan. Yigʻilish biror xoʻjalik dalasida oʻtkazilishi alohida ta'kidlanib, unda tegishli rahbarlarning toʻliq ishtirokini ta'minlash boʻyicha topshiriq berildi.
Boshqarma boshligʻi mazkur topshiriq bilan tanishar ekan, oʻrinbosarini huzuriga chorlab, shu haqda aytdi.
Oʻrinbosar iymanib boʻlsa-da, e'tiroz bildirdi:
– Oʻzi kuni kecha rahbarlarni chaqirgan edik. Har kuni yigʻilish oʻtkazaverish qanday boʻlarkan?
– Vazirlikka odamingizni yubormang, deb aytaymi? – Boshliqning kesatishdan koʻra kuyinib aytgan gapidan mazkur tashrif unga ham xush yoqmagani sezilib turardi. – Mutaxassis soat oʻn birlarda kelarkan. Guliston xoʻjaligining shiyponini tayyorlang. Shundoq yoʻlning ustida.
Oʻrinbosar yigʻilishga taklif etilganlar roʻyxatini tuzib, uni boʻlim boshligʻiga topshirdi.
– Yigʻilish vaqtini soat oʻnga belgilaylik, – dedi boʻlim boshligʻi ehtiyotkorlik yuzasidan, – Ayrim rahbarlarning yigʻilishga kechikib kelish odati bor, bilasiz-ku!
– Ha... ma'qul.
Shunday qilib tumanlarga yuborilgan xabarnomada yigʻilish vaqti soat oʻn qilib belgilandi.
Tuman rahbarlariga ba'zi xoʻjalik rahbarlarining yigʻilishlarga kechikib kelishi ma'lum boʻlgani bois ularning xoʻjaliklarga yuborgan xabarnomasida yigʻilish oʻtkazish vaqti soat toʻqqizga deb oʻzgartirildi.
Aksariyat rahbarlarning yigʻilishga aytilgan vaqtdan bir oz oldinroq borish odati bor. Shunday qilib soat sakkiz yarimdan Guliston xoʻjaligi shiyponiga toʻplana boshlashdi. Soat oʻnga bormay deyarli barcha rahbarlar majlisga kelib boʻlishgandi.
Oradan yarim soatlar oʻtib, oʻtirganlar orasida betoqatlik alomatlari sezila boshladi. Hatto, bir-ikki kishi oʻrnidan turib, shiypon binosining orqasiga oʻtib ketdi. Ba'zilar esa sal uzoqroq boʻlsa-da, shiypon yonidan oʻtib ketgan asfalt yoʻl yoqasidagi ekilgan tutlarga qarab yoʻl oldi.
Yigʻilganlar orasida Guliston xoʻjaligi rahbari xijolatdan oʻzini yanada noqulay sezayotgandi. Shiypon yonidagi hojatxona guvaladan barpo etilgani bois u oʻtgan gal boshqarma boshligʻidan tanbeh eshitgan, zamonaviyroq qilib qurishga topshiriq bergandi. Ustalar esa, mana, marhamat – ishni eskini buzishdan boshlab, hojatxonani tag-tugi bilan olib tashlashgandi.
Soat oʻn birdan oʻtib ham katta rahbarlardan darak yoʻq edi. Havo issiq, chanqoq tufayli ogʻizlar qurib qolgan. Hammaning koʻzi minbardagi stol ustida turgan ikki shisha ma'danli suvda! Lekin unga qoʻl tegizishga hech kimning haddi sigʻmaydi.
Soat oʻn ikkiga yaqin oʻrinbosarning qoʻl telefoniga sim qoqqan boshqarma boshligʻi mehmonlar bir oz ushlanib qolishgani, yigʻilish ikkida oʻtkazilishini ma'lum qildi.
Oʻrinbosarning boshi qotdi. Agar hozir oʻtirganlarga tushlik uchun javob berib yuborsa, ularni qayta yigʻish muammo boʻladi. Yaxshisi, bezovta qilmagan ma'qul.
Vazirlikdan yuborilgan vakil soat ikkiga yaqin boshqarma boshligʻi bilan kirib keldi.
Kutishdan toliqqan ikki yuzta rahbar, nihoyat yigʻilish boshlanishi, boshlangan yigʻilishning esa tugashi aniq ekanini oʻylab, jonlanib qolishdi.
Boshqarma boshligʻi shunday qizgʻin pallada rahbarlarni yigʻishdan maqsad mahalliy oʻgʻitning ekinlarga ta'siri haqida hurmatli mutaxassisning qimmatli maslahatlarini olish ekanligini aytib, mehmonga soʻz berdi.
Issiq yoki tushlikning ta'siridanmi, yuzlari qizarib ketgan mehmon oʻrnidan turib beixtiyor burnini jiyirdi.
Jazirama issiq shiypon atrofiga yangi tushgan mahalliy oʻgʻitning hidini atrofga taratar, vazirlikdan kelgan mutaxassisning yuzidagi oʻzgarish shuning ta'siridan ekanligini hamma sezib turardi. U ma'ruzani boshlashi bilan koʻzlar asta-sekin yumila boshladi.
Xurshid Nurullayev
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Mushuklar bizning “myov” qilishimizga qanday munosabat bildiradi?
Salim Abduvaliyev bugun ozodlikka chiqdi
Toshkentda Cobalt avtomashinasi yonib ketdi
Haydovchilarga tavsiya: nima uchun mashinani kurtkada boshqarish xavfli?
Hech qachon jahli chiqmagan odam
Toshkent viloyatida Mazda avtomashinasi yonib ketdi
Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi voqea tafsilotlari
Toshkent avtobuslarida endi naqd pul olinmaydi. Shu bilan muammolar tugadimi?