20:21 / 14.01.2025
92

Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Prezident Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi munosabati bilan bayram tabrigini yoʻlladi.

Quyida ushbu tabrikning toʻliq matni bilan tanishishingiz mumkin:

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Muhtaram Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!


Qadrli yurtdoshlar!

Siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Barchamiz uchun shon-sharaf timsoliga aylangan mana shu qutlugʻ ayyomda oʻz hayotini Vatan himoyasidek ulugʻ ishga bagʻishlagan botir va dovyurak oʻgʻlonlarimizni, muhtaram faxriylarimizni tabriklab, ularning sha'niga eng ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.

Sizlarning azmu shijoatingiz, el-yurtga sadoqatingiz tufayli xalqimizning tinch va osoyishta hayoti ta'minlanmoqda, mamlakatimizning mudofaa salohiyati mustahkamlanmoqda, milliy armiyamizning jangovar qobiliyati yuksalmoqda.

Yurtimiz boʻylab jasorat madhiyalari yangrayotgan bugungi ulugʻ kunlarda Vatan oldidagi burchini ado etish chogʻida halok boʻlgan qahramon harbiylarimizning soʻnmas xotirasi oldida barchamiz hurmat bajo keltiramiz.

Fursatdan foydalanib, mard va bahodir yurt posbonlarini tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiy xizmat davomida Vatan himoyachilariga togʻdek tayanch boʻlib kelayotgan ularning oila a'zolariga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

Aziz doʻstlar!

Keyingi yillarda olib borayotgan keng koʻlamli islohotlarimiz tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta'minlashning chinakam kafolatiga aylanib bormoqda.

Barcha qoʻshin turlari zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan ta'minlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va ma'naviy tayyorgarligi uzluksiz oshib bormoqda. Milliy armiyamiz ular uchun, yoshlarimiz uchun mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanmoqda.

Eng muhimi, xalq bilan armiya tobora yaqin boʻlib borayotgani harbiy soha rivojiga yangicha kuch va sifat bagʻishlamoqda.

Bugungi kunda navqiron avlodimiz oʻrtasida harbiy xizmatga qiziqish kuchayib, minglab yigit-qizlarimiz Vatan himoyasiga dadil bel bogʻlayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Biz ana shunday oʻtyurak farzandlarimiz timsolida boʻlgʻusi qahramonlarimiz, Qurolli Kuchlarimizning boʻlajak ofitser va generallari, mohir qoʻmondonlarni koʻramiz.

Ayni vaqtda barchamiz yaxshi anglaymizki, hozirgi vaqtda, dunyo miqyosida turli xavf-xatarlar, qurolli toʻqnashuvlar tobora avj olib borayotgan oʻta murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini, harbiy xizmatchilarning jismoniy va ma'naviy shayligini oshirish har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shu munosabat bilan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi asosida bu borada boshlagan ishlarimizni mutlaqo yangi sifat bosqichiga koʻtarishimiz shart. Xususan, Qurolli Kuchlarimizni yangi, modernizatsiya qilingan oʻt ochish tizimlari va texnika bilan ta'minlashni harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini, qoʻshinlarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda davom ettiramiz.

Harbiy xizmatchilarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktablarda boshlangʻich harbiy ta'lim sifatini oshirish, oʻquvchi yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash ishlarini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratamiz.

Askar va ofitserlarning professional mahorati, harbiy bilim yurtlarida ta'lim-tarbiya samaradorligini oshirish, malakali harbiy kadrlar zaxirasini yaratish doimo ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi.

Harbiy xizmatchilar, ularning oila a'zolari, Qurolli Kuchlarimiz faxriylarini ijtimoiy himoya qilish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bundan buyon ham diqqatimiz markazida boʻladi.

Ana shu muhim vazifalarni bajarishda, hech shubhasiz, harbiy-ma'muriy sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilikning faol ishtiroki gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Chunki, xalq bilan muloqot va maslahat asosida, uning ishtirokida amalga oshirilgan ish albatta qudratli ijobiy kuchga ega boʻladi.

Umuman, bugungi kunda barchamiz – qaysi soha yoki tarmoqda, qanday lavozimda ishlamaylik, Vatan himoyachisi boʻlishimiz zarur. Bu talabni davrning oʻzi oldimizga qat'iy vazifa qilib qoʻymoqda va xalqimiz ham bizdan aynan shuni kutmoqda.

Qadrli Vatan himoyachilari!

Ona yurt qalqonlari, tinchlik posbonlari sharaflanadigan mana shu quvonchli kunda siz, azizlarni shonli bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan qutlayman.

Barchangizga muqaddas qasamyodingizga sodiq qolib, xizmat burchingizni yuksak darajada ado etishda mustahkam sogʻliq, ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.

Jonajon Vatanimiz himoyasi yoʻlida hech qachon tolmang, yutuq va zafarlar doimo sizlarga yor boʻlsin!

Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat