«Bundan ilgari ham Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan ikki marotaba qamoq jazosini oʻtab chiqqan, 1991 yilda Gʻijduvon tumanida tugʻilgan Tursun Davlatov (ismi sharifi oʻzgartirilmagan) onasi Shirin Davlatovani qasddan oʻldirganlikda ayblanib, 18 yilu 1 oyga ozodlikdan mahrum etiladi».
Jinoyat ishlari boʻyicha Gʻijduvon tumani sudi sudyasi Farhod Ergashev sud hukmi qarorini oʻqib berdi.
Holatga koʻra, Gʻijduvon tumanidagi Qalliq qishlogʻida yashovchi va doimiy spirtli ichimlik iste'mol qilib yuradigan fuqaro Tursun Davlatov oʻzining fe'l-atvori, yurish-turishi bilan mahalla oʻrtasida «gap-soʻz» boʻlib yurgan. Mahalla faollari, aka-opalariyu, boshqa yaqinlarining ogohlantirishlariga qaramay, oʻz bilganidan qolmay yashab yuravergan. Birinchi turmushidan ajralib, ikkinchi bor uylanib ham «tiyilmagan» aybdor koʻp yillardan beri ichki ishlar nazoratida boʻlgan. Faqat bu gal oʻzining beshafqat xatti-harakatini oʻz xonadonida sodir etgan.
Darvozadan kira solib, kimlarnidir haqoratlagan va soʻkingan farzandining mast-alast ahvolda ekanini sezgan onaizor unga tanbeh bergan.
Ma'lumot oʻrnida: Fuqaro Shirin Davlatova qon bosimining oshishi oqibatida 7 yildan buyon har ikki koʻzi ham xastalanib, koʻrmay qolgan. Unga koʻzi ojizlik, ya'ni koʻrlik tashxisi qoʻyilgan. 1-guruh nogironi boʻlgan ona ikkinchi kelinidan noroziligini, birinchi kelini mehribon ekani va u bilan nohaq ajrashganini doimiy aytib, oʻgʻliga noroziligini bildirib kelgan.
- Ertalabdan buyon tuz totganim yoʻq, bolam, bir burda nonga va bir piyola suvga zor qilib qoʻyding! - deya noligan ona.
- Nima, sizga qaramay qoʻydimmi, jonga tegdingiz! - jahllanib, baqirgan oʻgʻil ayvonda turgan temir dastali bolta bilan ojiz ahvoldagi onasining boʻyin sohasiga ikki marotaba urgan.
Bir pasda qimirlamasdan qolgan onasini oʻldirib qoʻygani uchun nima qilishini bilmasdan, barcha jihozlarni oyoq-qoʻllari va qoʻlidagi bolta bilan urib sindirib tashlagan... va koʻchaga yugurib chiqib, dodlab, baqirib, onasini oʻldirib qoʻyganini aytgan.
Sud dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchi Tursun Davlatovning harakatlarining yuridik kvalifikatsiyasini muhokama qilib, Jinoyat kodeksining 97-moddasi, 2-qismining «v» bandi ya'ni - «aybdorga ayon boʻlgan ojiz ahvoldagi shaxsni qasddan oʻldirish»da ifodalangan jinoyatni toʻgʻri kvalifikatsiya qilingan, deb hisoblagan.
Aybdor 18 yildan ortiq jazo muddatini qattiq tartibli koloniyalarda oʻtaydigan boʻldi.
Manba: Xabar.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar