14:31 / 25.01.2025
174

Milliy gvardiyaga oʻquvchilar uchun ma'muriy jazo qoʻllash vakolati berilmoqda

Milliy gvardiyaga oʻquvchilar uchun ma'muriy jazo qoʻllash vakolati berilmoqda
Foto: Senat axborot xizmati
25 yanvar kuni Oliy Majlis Senatning uchinchi yalpi majlisida «Voyaga etmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar kiritish haqida»gi qonun koʻrib chiqildi.

2024 yil fevraldan ichki ishlar organlarining voyaga etmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlari Milliy gvardiya tuzilmasiga oʻtkazilgan. Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar 44 ming 450 ta holatda «Bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik» (MJtK 47-moddasi) huquqbuzarligi aniqlanib, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali ma'muriy jazo choralari qoʻllanilishini ta'minlagan. Shuningdek, ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari boʻyicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.

«Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab toʻgʻri kelmoqda. Oʻtgan yilda maktablardagi davomat koʻrsatkichi 50 foiz boʻlgan boʻlsa, hozirga kelib bu koʻrsatkich 90-95 foizni tashkil qilmoqda.

Biroq inspektor-psixologlar tomonidan voyaga etmagan huquqbuzarning ota-onalariga nisbatan ma'muriy jazo choralarini qoʻllash uchun tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma'muriy jazo choralari qoʻllanilishi – inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy ta'sir koʻrsatib, ortiqcha vaqt sarflashiga ham sabab boʻlmoqda», — deydi senator Rustam Kalonov.

Shu sababli qonun bilan Milliy gvardiya va IIV vakolatlariga doir Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 248 hamda 248-1 moddalariga oʻzgartirish kiritilmoqda. Xususan, Milliy gvardiya organlari, shu jumladan uning voyaga etmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlariga MJtKning 4 moddasi boʻyicha ma'muriy ishlarni koʻrish vakolati berilmoqda:
  • Bolalarni tarbiyalash va ta'lim berish borasida majburiyatlarini bajarmaslik (47-modda);
  • Jamoat joylarida sigaret chekish (56-1-modda);
  • Jamoat joylarida alkogol mahsulotlarini iste'mol qilish (187-modda 1-qismi);
  • Voyaga etmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish (188-modda) nazarda tutilgan ma'muriy ishlarni koʻrib chiqish va jazo qoʻllash vakolati berilmoqda.

Shuningdek, bu vakolatlar IIV ning voyaga etmaganlar boʻyicha inspektor-psixologlarning vakolatlaridan chiqarib tashlanishi nazarda tutilgan. Senatorlarga koʻra, qonun Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq keladi hamda byudjetdan qoʻshimcha xarajatlar talab qilmaydi.

Senat qonunni ma'qullandi. Hujjat prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat