Sobiq deputat, ijtimoiy tarmoq faoli Qobil Dusov qamoqqa olingan boʻlishi mumkinligi, katta ehtimol bilan u probatsiya talablarini buzgani xabar berilgandi. Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Abidovning yozishicha, Qobil Dusovga nisbatan qoʻllanilgan ozodlikni cheklash jazosi 11 oy 2 kunlik ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilgan.
Sud humiga koʻra Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga (ozodlikni cheklash) asosan Q.Dusovga sutkaning muayyan vaqti, ya'ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqish cheklanishi va unga qoʻshimcha internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar oʻtkazishda ishtirok etmaslik, har oyda bir marotaba yashash joyi boʻyicha IIO FMB Probatsiya boʻlimidan roʻyxatdan oʻtib turish hamda mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini oʻzgartirmaslik kabi taqiqlar yuklanishi belgilangan.
Yashnobod tuman IIO FMB Probatsiya boʻlimi tomonidan sudga kiritilgan taqdimnomada K.Dusov axloqan tuzalish yoʻliga oʻtmaganligi, uning cheklov va taqiqlarga rioya etmasdan jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab kelayotganligi, bir necha marotaba u bilan olib borilgan profilaktik suhbatlardan oʻziga ijobiy xulosa chiqarmayotganligi ma'lum qilingan.
Shuningdek, uni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash imkoniyati yoʻqligi, sud hukmi ijrosiz qolayotganligi, shu sababli Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-bandi va Jinoyat-ijroiya kodeksining 44-4-moddasi (ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni oʻtash tartibi va shartlarini buzganlik uchun javobgarlik) 3-qismi “a” bandiga asosan oʻtalmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikdan cheklash jazosini shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish soʻralgan, deyiladi Oliy sud axborot xizmati rahbari bayonotida.
Qayd etilishicha, Q.Dusov jazo oʻtash qonun-qoidalari bilan tanishtirilgan va Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-qismi bilan ogohlantirilib, bu haqida tilxatlar olingan.
Sud hukmida Dusovga belgilangan cheklov va taqiqlarga rioya etmagan taqdirda Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 5- va 6-qismi talablari tushuntirilgan, shuningdek, unga internetdan foydalanmaslik haqida qoʻshimcha taqiq yuklatilgan boʻlishiga qaramasdan 2025 yil 4 yanvar kunidan 11 yanvar kuniga qadar “Kobul Dusov/Rasmiy kanal” Telegram-kanalida har xil mazmundagi materiallar joylashtirib kelganligi aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan Dusov 2025 yil 11 yanvar kuni Yashnobod tumani IIO FMB Probatsiya boʻlimiga chaqirtirilib, Jinoyat-ijroiya kodeksning 44-4-moddasi 1-qismi bilan ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazo qoʻllanilgan.
Dusovga 24 yanvar kuni IIV TQD Kiberxavfsizlik tomonidan yana ogohlantirish intizomiy jazosi e'lon qilingan boʻlsa-da undan oldin ham undan keyin ham internetdan faol foydalanib kelganligi aniqlangan. Sud taqdimnomani muhokama qilib, ish hujjatlarini tekshirib, taqdimnomani qanoatlantirishni lozim topdi.
Shu tariqa Jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudining joriy yil 24 yanvardagi ajrimiga muvofiq taqdimnoma qanoatlantirilib, Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan mahkum Dusovga nisbatan tayinlangan va oʻtalmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. Jazoni manzil-koloniyalarda oʻtash belgilandi, deydi Aziz Abidov. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar