15:57 / 29.01.2025
742

Xorijda ishlab pul joʻnatayotgan ayolning eri mashinali boʻldi yoxud oʻlib borayotgan gʻurur...

Xorijda ishlab pul joʻnatayotgan ayolning eri mashinali boʻldi yoxud oʻlib borayotgan gʻurur...
Har doimgidek ishda ishlab oʻtiribman. Turmush oʻrtogʻimdan xabar keldi. «Falonchi opa shifoxonaga tushib qolibdi. Yapon tilini uncha yaxshi bilmagani uchun borib tarjimonlik qilib kelsam maylimi?» degan mazmunda. Borib keldi.

Qaytgandan keyin telefonda vaziyatni soʻradim. Yoshi 30 dan oʻtgan ikki nafar farzandi bor ayol. Tokioda Yapon tili maktabida oʻqib ishlaydi. Kechasi 23:00 dan ertalabki 8:00 gacha doʻkonda ishlaydi. Doʻkondan chiqib oʻqishga boradi. Oʻqish 13:30 da tugab, 15:00 dan 22:00 gacha bir korxonada ishlaydi. Tasavvur qilayapsizmi? Uxlash, dam olish degan narsalarga vaqt yoʻq. Bunaqa rejimda har qanday odam kasal boʻlib yiqilishi tabiiy!

«Bechora turmushi oʻxshamay farzandlarini oyoqqa qoʻyish uchun bir oʻzi harakat qilayapti ekan-da, otasi, akasi yoʻqmikan?», deb oʻylab tursam, eri ham bor ekan. Nogiron ham emas, ruhiy kasal ham emas, toʻrt muchasi sogʻ eri bor ekan. Shu gapni eshitdim-u, tamom boʻldim. Xotin Yaponiyada quldek ishlab pul joʻnatayapti, er Oʻzbekistonda bolalari bilan qolib muddatli toʻlovga uy, mashina olib yallo qilib yuribdi.

Qaynona-qaynota: «Kelin, siz uddaburonsiz. Eringiz sal ogʻir ishlarga boʻlmaydi», deb Yaponiyaga joʻnatishibdi. Lolman! Eshitishimcha, birgina Yaponiyada bunaqa taqdirlar bir nechta emish. Rossiya, Turkiyalarni gapirmay qoʻya qolay.

Iya, oriyat masalasi nima boʻlayapti erkaklar? Gʻurur nima boʻlayapti? Qachondan ayolini, onasini, opasini, singlisini chetga joʻnatib pulini vijdonsizlarcha ishlatib oʻtirish oddiy holga aylandi?

Bir paytlar erkaklar ayolini Oʻzbekistonga tashlab, yillab chetda yurishini ham hazm qila olmaydigan millat edik. Endi boʻlsa, teskarisiga ham koʻnikishimiz kerakmi? Aslo.

Bolaligimda, bir qoʻshnimizning oʻgʻli yangi uylangan edi. Otasiga «Rossiyaga ketaman», deganini eshitib qolgan edim. Shunda otasi: «Rossiyaga ketsang ketaverkuya, xotiningni kimga tashlab ketasan?» degan edi. Boyagi yigit Rossiya haqida boshqa gap ochmagan edi. Qisqa muddatga yoki birga olib ketishda muammo yoʻq. Ammo, oila institutiga bunaqa putur etkazmaylik, baraka topgurlar.

Bahodir Iskandarov

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat