13:52 / 09.02.2025
2 593

DXX va IIV tuzilmalari tomonidan ikkita katta reyd oʻtkazildi

DXX va IIV tuzilmalari tomonidan ikkita katta reyd oʻtkazildi
Foto: Xavfsizlik.
Oʻzbekiston Respublikasi DXX hamda IIV tuzilmalari tomonidan joriy yilning 5-7 fevral kunlari mamlakatimiz miqyosida “Oriat” va “Qoradori” keng koʻlamli tadbirlari oʻtkazildi.

7 fevral kuni oʻtkazilgan “Oriat” keng koʻlamli tezkor-profilaktik tadbirlari davomida axloq va sogʻliqqa qarshi qaratilgan jinoyatlarni aniqlash, OIV (OITS) va boshqa turdagi yuqumli, teri-tanosil kasalliklarining tarqalishini oldini olish maqsadida saunalar, SPA salonlar, massajxonalar, karaoke barlar, mehmonxonalar, xostellar, tungi klublar va boshqa jamoat joylarida hamkorlikdagi tadbirlar olib borildi.

Foto: Xavfsizlik.
Tadbirlar doirasida 340 ta ob'ekt tekshirilib, aholi salomatligiga xavf solishi mumkin boʻlgan 2.957 nafar shaxslar bilan tushuntirish ishlari olib borildi va mobil tarzda shifokor koʻrigidan oʻtkazilib, tegishli tibbiy xulosalar olindi.

Aniqlangan holatlar boʻyicha qoʻzgʻatilgan 93 ta jinoyat ishlari doirasida 94 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi. 153 nafar shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortilib, 1.920 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi hamda ularning 766 nafari rasmiy ogohlantirildi.

“Qoradori” keng koʻlamli tadbirlarining ikkinchi bosqichida jami 640 ta maxsus tezkor tadbirlar doirasida 1.401 nafar giyohvandlik vositalarini tarqatish, saqlash, iste'mol qilishda gumon qilingan shaxslar bilan tezkor va profilaktik ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirildi.

Oʻtkazilgan tadbirlar davomida jami 28 kg. 857 gr. giyohvandlik vositalari (geroin, opiy, gashish, sintetik turdagi giyohvandlik vositalari) hamda 9.421 dona kuchli ta'sir qiluvchi va psixotrop dori vositalarining aholi orasida tarqatilishi toʻxtatib qolindi. 18 ta noqonuniy oʻq otar qurol va 126 dona sovuq qurollar aniqlandi.

Shuningdek, 339 nafar shaxslarga nisbatan 269 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi hamda 119 nafar shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortildi. 53 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. 656 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazilib, 234 nafari rasmiy ogohlantirildi.

Telegram ijtimoiy tarmogʻida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent viloyati, Yuqorichirchiq tumanida 1 kg sintetik giyohvandlik vositasi “zakladka” usulida koʻmilgani toʻgʻrisida tezkor ma'lumot olindi.

Ma'lumot asosida olib borilgan tadbirlar natijasida 1986 va 2002 yilda tugʻilgan, ikki nafar shaxs giyohvandlik vositasini koʻmilgan joydan olayotgan vaqtida ushlandi. Ulardan biri yashab kelayotgan Mirobod tumanidagi uyning turli joylarida “zakladka” usulida tarqatish uchun tayyorlab qoʻyilgan jami 200 gr. sintetik giyohvandlik vositasi, elektron tarozi, izolyatsion lenta va zip-paketlar borligi aniqlanib, ashyoviy dalillar hujjatlashtirib olindi.

Odam savdosiga qarshi kurashish yoʻnalishida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1986 yilda tugʻilgan, Toshkent shahrida vaqtincha yashab kelayotgan Turkiya Respublikasi fuqarosi va ikki nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qoʻlga olindi. Ushbu shaxslar oʻzaro jinoiy til biriktirib, jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida 2 nafar ayolni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Istanbul shahriga joʻnatayotgan vaqtlarida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlandi.

Poytaxt hududida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 1980 yilda tugʻilgan shaxs Uchtepa tumanida 1987 yilda tugʻilgan fuqaroga tahdid qilib, uning yuz sohasiga bir necha marotaba urganligi va narxi 280 AQSh dollari boʻlgan qoʻl telefoni hamda 460 ming soʻm pullarini qoʻlga kiritib, voqea joyidan yashiringanligi aniqlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Shuningdek, ushbu shaxsning tanishi oʻzining yashash manzilida “Makarov” pistoletini saqlab kelayotganligi haqida tezkor ma'lumot olindi. 6 fevral kuni 1978 yilda tugʻilgan mazkur shaxs ushlanib, uning Uchtepa tumanidagi uyida oʻtkazilgan tintuv davomida, 1980 yilda ishlab chiqarilgan 1 dona "Makarov" pistoleti, 2 dona oʻqdon va 15 ta jangovar patronlar aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat