14:46 / 10.02.2025
1 184

Buxorodagi magistral gaz quvurida gaz sizib chiqib, yongʻin sodir boʻldi (video)

Buxorodagi magistral gaz quvurida gaz sizib chiqib, yongʻin sodir boʻldi (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan kadr
10 fevral kuni “Buxoro–Ural” magistral gaz quvurining Buxoro viloyatidan oʻtgan qismida avariya roʻy berib, yongʻin chiqdi.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga koʻra, avariya Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasining diametri 1020 mm boʻlgan 26 kg bosim ostidagi quvurning er ostidan oʻtgan 106-kilometrida, soat 11:26 da roʻy bergan. Soat 11:30 da murvatlar yopilib, qoldiq gazlar chiqib ketgan.

Yongʻin natijasida jabrlanganlar va tan jarohati olganlar yoʻq. FVBga koʻra, avariya roʻy bergan joyga eng yaqin aholi maskani Romitan tumani Qizilrabot MFY boʻlib, u 40 km uzoqlikda joylashgan.

Buxoro viloyatiga oid Telegram-kanallarda viloyatdagi metan-shoxobchalar yopilgani haqida yozilmoqda.

Holat bartaraf etilmaguncha, metan-shoxobchalarga vaqtincha cheklovlar kiritilishi Energetika vazirligi xabarida ham aytilgandi, ammo vazirlik axborotining ushbu qismi koʻp oʻtmay oʻchirib yuborildi.

Birozdan soʻng, vazirlik aniqlashtiruvchi xabar e'lon qilib, barcha hududlardagi metan-shoxobchalar “hozirgi rejimda ishlashda davom etishi”ni ma'lum qildi.

“Qoʻshimcha oʻrganishlardan soʻng, respublikamizning barcha hududlaridagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari avvaldan viloyat hokimliklari bilan kelishilgan tartibda, hozirgi rejimda ishlashda davom etishi belgilandi. Ya'ni ularning faoliyati hududlardagi talab hamda gaz quvurlaridagi bosimdan kelib chiqqan holda yoʻlga qoʻyiladi.

Bu masalada biron-bir oʻzgarish boʻlsa, jamoatchilikka qoʻshimcha ma'lumot beriladi”, – deyiladi Energetika vazirligi axborotida.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat