12:42 / 12.02.2025
428

Komil Allamjonov ishida ayblanganlarga sud hukmi oʻqildi. Kim qancha "oldi"?

Komil Allamjonov ishida ayblanganlarga sud hukmi oʻqildi. Kim qancha "oldi"?
12 fevral kuni Oʻzbekiston Harbiy sudida prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga oid jinoyat ishi doirasida 10 nafar shaxsga nisbatan sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e'lon qilindi.

Oliy sud matbuot xizmati ma'lum qilishicha, Shuhrat Rasulov 23 yil, Javlon Yunusov 18 yil-u 6 oy, Shohrux Ahmedov 23 yil, Ismoil Jahongirov 23 yil va Doniyor Toshxoʻjayev 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Javlon Yunusov
Yana 5 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.

Komil Allamjonovga suiqasd

2024 yil 30 sentyabrgacha Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasida Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Komil Allamjonov 26 oktyabrga oʻtar kechasi Qibraydagi oʻz uyi yaqinida hujumga uchradi: u oʻtirgan mashinaga bir necha bor oʻq uzilgan. Hodisada Allamjonovning oʻziga shikast etmagan. Shu kuni hodisa boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Ertasiga, 27 oktyabr kuni birinchi gumonlanuvchi ushlangani ma'lum qilindi. Bosh prokuratura 25 noyabr kungi bayonotida qoʻlga olinganlar soni 7 kishi ekanini ma'lum qildi, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqladi: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozogʻistonda qoʻlga olingani ma'lum qilingan.

Noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tizimida bir qator yuqori lavozimli amaldorlar ishdan olindi. Manbalarga koʻra, bu iste'folar Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd ishi doirasida oʻtkazilayotgan tekshiruvlar bilan bogʻliq boʻlgan.

Dekabr oyida Oʻzbekiston chechenistonlik ekani aytilayotgan Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov ismli Rossiya fuqarolarini Interpol orqali xalqaro qidiruvga berdi. Bosh prokuraturaga koʻra, bu – Allamjonovga nisbatan suiqasd ishi bilan bogʻliq boʻlib, qidiruvdagilar qonunga xilof ravishda Oʻzbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda oʻqotar qurolning qonunga xilof muomalasida ayblanmoqda.

Matbuotda tarqalgan tasdiqlanmagan xabarlarda, Rasayev va Temirxanovga Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasi rahbarining sobiq oʻrinbosari Komil Allamjonov hamda Istiqbolli loyihalar agentligi direktori Dmitriy Lini oʻldirish buyurtmasi berilgani, bu ikki qotillik uchun buyurtmachi tomonidan ularga 1,5 mln dollar mukofot va'da qilingani aytilmoqda.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 26 dekabr kungi bayonotida Qibraydagi jinoyatda “chechen izi” borligini yana bir bor rad etdi, shu bilan birga, Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qilib, ular “qilmishlari” uchun javob berishini ta'kidladi. Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev bu tahdidni Oʻzbekistonning ichki ishlariga aralashish, sobiq deputat Rasul Kusherbayev esa terrorizm deb baholadi. Tojiyev, shuningdek, Rossiya Bosh prokuraturasidan Checheniston rahbarining tahdidiga huquqiy baho berishni soʻradi, Qodirovdan esa Oʻzbekiston xalqi oldida uzr soʻrashni talab qildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat