23:56 / 07.11.2016
11 984

Lola Karimova-Tillyaeva shoir Abdulla Oripovning she’rlari bilan ulg‘ayganini aytdi

Lola Karimova-Tillyaeva shoir Abdulla Oripovning she’rlari bilan ulg‘ayganini aytdi

Avvalroq, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov 5 noyabr kuni AQShda vafot etgani haqida xabar bergan edik. Bu o‘zbek xalqi uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi, “Sen yolg‘iz emassan” xayriya jamg‘armasi raisi, O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakili, O‘zbekiston gimnastika federasiyasi prezidenti Lola Karimova-Tillyaeva O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning vafotidan chuqur qayg‘uda ekanini ma’lum qilib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali marhumni xotirladi.

“O‘zbekiston adabiyoti og‘ir judolikka uchradi. Kuni kecha xalqimiz o‘zining yana bir ulug‘ farzandidan ajradi. Abdulla Oripov bizning g‘ururimiz, faxrimiz edilar. Bu insonning she’rlari bilan katta bo‘ldik, ulg‘aydik, tarbiya oldik. Yoshligimizdan bizni ezgulik tomon o‘z she’rlari bilan etaklab borgan sevimli shoirimiz edilar.

Shoirning “Xayr endi”, “Yolg‘izlik”, “Savob”, “Qasam darra”, “Onajonim”, “Dunyoni qizg‘anma”, “Sen, Pushkinning sevgan malagi...”, “Bahor” kabi she’rlari, “Jannatga yo‘l” kabi poemalari xalqimiz qalbini abadul-abad zabt etdi.

Abdulla Oripov jisman o‘limga taslim bo‘ldi, lekin uning she’rlari o‘lmasdir, ular hech qachon, yuz yillar o‘tar, ming yillar o‘tar, o‘limga taslim bo‘lmagaylar, demak Abdulla Oripov bizning qalbimizda, kelajak avlodimiz qalbida qalbida mangu yashaydi. U zamonamizning Navoiysi, Abdulla Qodiriysi edi.

Abdulla akaning oilalariga chuqur ta’ziyamizni bildiramiz. Joylari jannatda bo‘lsin. Oxiratlarini mehribon Parvardigor obod qilsin”, deb yozadi Lola Karimova-Tillyaeva.

Jamoatchi O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning millat ravnaqi, o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan hissasi haqida so‘z ochib, uning yorqin xotirasi she’riyat ixlosandlar, o‘zbek xalqi qalbida misralari ila umrbod saqlanib qolishini aytarkan, quyidagi satrlarni qo‘shimcha qildi.

O‘zbek osmonida so‘ndi cho‘ng yulduz,
Katta-yu kichikning ko‘zini yoshlab.
Foniy bu dunyoning baland pastiga
Teran nazar tashlab o‘tdi bu Inson.

Millat qadri deya yashab aslida,
Xalqining dardiga bo‘loldi darmon.
Bugun judolik bor gar qalbimizda,
Lekin g‘urur yashar havas qilgulik.

Abadiyat o‘sdi ko‘z oldimizda,
Shundoq yonimizda o‘tdi Mangulik.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Lola Karimova-Tillyaeva shoir Abdulla Oripovning she’rlari bilan ulg‘ayganini aytdi