177
Chiqindi sohasidagi qarzdorlikni bartaraf etish boʻyicha zamonaviy tizim joriy etilmoqda

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish sohasida toʻlov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun koʻrib chiqildi.
Ta'kidlash joizki, yurtimizda chiqindilarni boshqarish, aholiga koʻrsatiladigan xizmat sifatini yaxshilashga qaratilgan bir qancha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo bugungi kunda ushbu sohada koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida amalga oshirilmasligi natijasida debitor qarzdorlik keskin oshib bormoqda. Ma'lumotlarga koʻra, tizimda 600 mlrd soʻmlik debitor qarzdorlik mavjud. Bu esa bir qator muammolarga sabab boʻlmoqda, xususan, tegishli tashkilotlarning asosiy fondlarini yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiya kiritishga, sohaga tadbirkorlik sub'ektlari va xususiy sektor vakillarini keng jalb qilishga toʻsqinlik qilmoqda.
Bugunga qadar toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmagan abonentlarga nisbatan faqat sud tartibida chora koʻrilar va bu jarayon uzoq davom etardi. Yangi Qonun bilan esa ovoragarchilik va murakkabliklarga chek qoʻyilmoqda.
Qonun bilan Fuqarolik va Uy-joy kodekslari, «Raqobat toʻgʻrisida»gi va «Elektr energetikasi toʻgʻrisida»gi qonunlarga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Unga koʻra, qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorligi mavjud boʻlgan iste'molchilarga qisqa xabar (SMS) yuboriladi. Shundan soʻng mazkur qarzdorlik bartaraf etilguniga qadar iste'molchidan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi. Bunda xizmat koʻrsatuvchi tuzilmalar toʻlovlarning ishonchli hamda toʻgʻri hisob-kitob qilinishini ta'minlaydi. Oʻz navbatida qarzdorlikni bartaraf etgan iste'molchilardan elektr energiyasi uchun toʻlovlardagi vaqtinchalik cheklovlar olib tashlanadi.
Mazkur Qonun aholiga chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlov intizomini mustahkamlash, xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning asosiy fondlarini yangilash va xizmatlar sifatini yaxshilash, ushbu sohaga tadbirkorlik sub'ektlarini jalb qilishga xizmat qiladi. Bu esa, albatta, aholiga yanada sifatli va shaffof xizmat koʻrsatilishini ta'minlaydi.
Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar