
Foto: Prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 fevral kuni Sirdaryo viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, ish oʻrinlari va investitsiyalarni koʻpaytirish boʻyicha 2025 yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Keyingi yillarda Sirdaryoda energetika, qurilish, tadbirkorlik birmuncha rivojlandi. Oʻtgan yili davlat rahbarining Sayxunobod tumaniga tashrifi chogʻida tomorqachilik va kichik loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tajriba yaratildi.
Lekin tashabbuskorlik kamligi uchun sanoat, savdo va xizmatlar rivojlanishdan orqada qolib ketayapti. Xususan, Sirdaryoda xizmat koʻrsatish sohasining respublikadagi ulushi eng past. Kambagʻallik darajasi 11 foizdan koʻp. 22 ming nafar fuqaro ishsiz.
Bugun dunyoda iqtisodiy shart-sharoitlar tez oʻzgarmoqda. Bunday vaziyatda izlanib, oʻrganib, ichki imkoniyatlarni toʻla ishga solgan hudud yutadi.
Shu maqsadda Sirdaryo viloyatida investitsiyalarni koʻpaytirib, sanoat va biznes-muhitni yaxshilash, kambagʻallikni qisqartirish, shuningdek, viloyatning tranzit salohiyatidan unumli foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.
Masalan, qariyb 900 gektar er maydonida sanoat zonalari tashkil qilinishi moʻljallangan. Bu 5 milliard dollar investitsiyaga va 20 mingdan ortiq yangi ish oʻrniga zamin boʻladi. Loyihalar Sirdaryo, Shirin, Boyovut, Xovos, Mirzaobod, Guliston, Oqoltin va Sardobada joylashadi.
Viloyat geografik jihatdan Oʻzbekistonning markaziy qismida, bir nechta xalqaro avtomagistral kesishmasida joylashgan boʻlib, bir kecha-kunduzda 311 mingta transport vositalari oʻtadi. Shunga koʻra, tadbirkorlar bu yoʻllar boʻyida yuzlab savdo shoxobchalari ochishga tayyorligini bildirgan.
Shu kabi 500 ming kvadrat metr savdo-servis maydoni tashkil etib, 50 ming odamning bandligini ta'minlash imkoniyati bor.
Er-suvi moʻl bu hududda paxta, sholi, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari etishtirish uchun katta salohiyat bor. Shu bois kartoshka, piyoz, maymunjon, qoragʻat va olcha maydonlari kengaytiriladi. Tomorqa, dala va kanallar chetidagi 38 ming gektarga qayta ishlovchi va eksportchilar biriktiriladi.
8 ta tumandagi past rentabelli 25 ming gektar er sholi etishtirishga oʻtkaziladi. Sholichilik korxonalarini qoʻllab-quvvatlash uchun mahsulotning 50 foizini eksport qilishga ruxsat beriladi.
Viloyatda mingdan ziyod xonadonning qurilganiga ellik yildan oshgan. Renovatsiya dasturi asosida, ularning oʻrnida 15 ming xonadonli zamonaviy uy-joylar qurilishi koʻzda tutilgan. Bu borada Margʻilon shahri, Doʻstlik tumanidagi ijobiy tajribalar oʻrganiladi.
Yangi xonadonlar arzon boʻlishi uchun developerlarga soliq, bojxona imtiyozlari beriladi. Shuningdek, viloyatdagi yoʻl, elektr, uy-joy, irrigatsiya, bogʻcha, maktab va boshqa ijtimoiy ob'ektlarni yangilashga 100 million dollar yoʻnaltiriladi.
Guliston shahrini uzluksiz ichimlik suvi bilan ta'minlashga zarur mablagʻ ajratish va bu ishlarni 2025 yil 1 iyuga qadar yakunlash topshirildi. Shuningdek, Guliston va Shirin shaharlarda urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida ularning hududini kengaytirish taklifi ma'qullandi.
Umuman, bunday imkoniyatlar evaziga joriy yilda 2 milliard dollar investitsiya jalb etib, eksportni 500 million dollarga etkazish vazifasi belgilandi. Buning natijasida 16 mingdan ziyod yangi ish oʻrni ochilishi, kambagʻallik darajasi 7,4 foizga tushishi qayd etildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar