
Toshkent shahri Yakkasaroy tumani markazidan o‘tuvchi Shota Rustaveli ko‘chasining boshidan oxirigacha avtobuslarning tezkor harakatlanishi uchun BRT (bus rapid transit) yo‘lagi quriladi.
Kun.uz'ning Toshkent shahar hokimligidagi manbasiga ko‘ra, hozirda Shota Rustaveli ko‘chasida mavjud “A” harfli maxsus yo‘laklar yo‘lning chetidan o‘rta qismiga ko‘chiriladi.
Yo‘l o‘rtasidagi tezkor yo‘lak uzunligi qariyb 6,5 km bo‘ladi: Grand Mir mehmonxonasi qarshisidagi chorrahadan boshlanib, Choshtepa ko‘chasining boshlanish qismigacha (xalq tilida “O‘zgarish” chorrahasi) davom etadi.
Qurilish ishlari 1 iyundan boshlanib, 1 sentyabrgacha davom etishi belgilangan.
Loyihani poytaxt hokimligining “Toshkent invest” kompaniyasi va China State Construction Engineering korporatsiyasi amalga oshiradi. Loyiha qiymati ma’lum emas.
Hokimlik ayni shu masala yuzasidan 20 may kuni matbuot anjumani o‘tkazadi. Unda YHXB, transport boshqarmasi, “Toshkent invest”, TIK Engineering Group va CSCEC loyiha tashkilotlari vakillari qatnashadi.
Ma’lumot uchun, shaharning markaziy ko‘chalarida tezkor avtobus yo‘nalishlari (BRT) tashkil etish prezidentning 2024 yil 24 sentyabrdagi 338-sonli qarorida belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oyida Toshkent shahar hokimligi China State Construction Engineering korporatsiyasi bilan salkam 1 mlrd dollarlik shartnoma imzolagan edi.
Tendersiz tuzilgan kelishuv 300 mln dollarga Toshkent shahri yo‘l infratuzilmasini rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash, 259 mln dollarga ko‘priklarni loyihalash va qurish hamda 440 mln dollarga yirik turar joy majmuasi qurishni ko‘zda tutadi.
2022 yilda Shota Rustaveli ko‘chasida tramvayni tiklash rejalari haqida xabar berilgandi.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar