date
views 87

Davlat tibbiy muassasalarida pulli xizmatlar narxi qimmatlashishi mumkin

Davlat tibbiy muassasalarida pulli xizmatlar narxi qimmatlashishi mumkin
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qabul qilingan yangi qo‘shma qarorga ko‘ra, pulli tibbiy xizmat ko‘rsatadigan davlat davolash-profilaktika muassasalarini moliyalashtirish tartibiga jiddiy o‘zgarish kiritildi.

Endilikda yangi tartibga muvofiq, pulli tibbiy xizmatlar narxini belgilashda xizmat tannarxiga nisbatan belgilanadigan rentabellik darajasi 20 foizdan oshmasligi lozimligi belgilandi. Avvalgi tartibga ko‘ra, bu ko‘rsatkich aynan shunday tibbiy xizmat uchun budjet mablag‘lari hisobiga belgilangan xizmat qiymatining 25 foizidan oshmasligi kerak edi.

Iqtisodchi ekspert Otabek Bakirov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida bu o‘zgarish davlat tibbiy muassasalaridagi pulli xizmatlar uchun to‘lovlarning sezilarli darajada oshib ketishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bakirovning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu qaror xizmat ko‘rsatish narxlarining 4,8 karragacha oshishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Iqtisodchining tushuntirishiga ko‘ra, avvalgi tartib asosida 100 ming so‘m tannarxiga ega bo‘lgan tibbiy xizmat uchun faqat 25 ming so‘m qo‘shimcha narx olish mumkin edi. Yangi tartib esa, tannarxi 100 ming so‘mlik xizmat narxi 120 ming so‘mgacha bo‘lishi mumkinligini belgilaydi. Bu esa tibbiy xizmatlarga bo‘lgan xarajatlarning oshishiga olib keladi.

Mutaxassislar mazkur o‘zgarish fuqarolarning davlat tibbiy muassasalaridagi pulli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida xavotir bildirmoqdalar. Shu bilan birga, yangi tartib davlat shifoxonalarida xizmat sifatini yaxshilash va muassasalarning iqtisodiy barqarorligini oshirishga yordam berishi mumkinligi ham taxmin qilinmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davlat tibbiy muassasalarida pulli xizmatlar narxi qimmatlashishi mumkin