
2024–2025 o‘quv yilining yakunlanishi munosabati bilan 24 may kuni O‘zbekistondagi barcha maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari tantanali ravishda nishonlanadi. Mazkur kun maktab bitiruvchilari uchun o‘ziga xos hayot bosqichining yakunlanishi, yangi istiqbollar sari qadam qo‘yish ramzidir. Har yilgidek bu bayram mamlakat bo‘ylab keng nishonlanishi rejalashtirilgan.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 10 mingdan ziyod maktabda o‘tkaziladigan mazkur tadbirlarda 2 millionga yaqin o‘quvchi, ularning ota-onalari hamda o‘qituvchilar ishtirok etadi. Hududlardagi barcha ta’lim muassasalari maxsus xizmatlar tomonidan to‘liq tekshiruvdan o‘tkazildi va qo‘riqlash pultlariga ulandi.
Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlariga 27 ming nafardan ziyod IIV, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari va harbiy xizmatchilar jalb qilingan. Shuningdek, yo‘lda harakat xavfsizligini ta’minlash uchun YPX xodimlari maktablar atrofida kuchaytirilgan rejimda xizmat olib boradi.
Tadbirlar paytida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Maktab oldida transport harakati vaqtincha cheklanadi. Fuqarolarga, ayniqsa, yoshlarga jamoat transportidan foydalanish tavsiya qilinmoqda.
Shuningdek, maktablar yopilgandan so‘ng yoshlar ko‘pchilik bo‘lib xiyobonlar, istirohat bog‘lari va obod joylarda yig‘ilishi kutilmoqda. Shu bois, hududiy ichki ishlar organlari bu joylarda ham tartibni ta’minlash maqsadida 5000 dan ortiq xodimni xizmatga safarbar etgan.
IIV va Ta’lim vazirligi tomonidan jamoatchilikka maxsus murojaat ham qilindi. Unda ota-onalardan farzandlarining kayfiyati, harakatlari, kimlar bilan vaqt o‘tkazayotgani, internetdagi faoliyati va moliyaviy ehtiyojlariga diqqat qilish so‘raldi. Bu kabi e’tibor ortiqcha chiqimlar, “musobaqalishish” kayfiyati va hatto noxush holatlarning oldini oladi.
Alohida ta’kidlash lozimki, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami munosabati bilan maktablarda vals raqsini bajarish taqiqlangani haqida tarqalgan xabarlar tasdiqlanmagan. Ta’lim vazirligi bu borada hech qanday rasmiy cheklov yo‘qligini bildirgan, biroq ayrim ota-onalar ortiqcha xarajatlardan norozi bo‘layotgani sababli, raqslardan voz kechayotgan maktablar borligi ma’lum qilingan.
Zamin.uz tahririyati ushbu yirik bayram kuni tinchlik, tartib va xavfsizlikni ta’minlashda har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi lozim, deb hisoblaydi. Bu kun har bir o‘quvchi xotirasida chiroyli va ijobiy tarzda muhrlanishi lozim. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar