
Joriy yil 6 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l shahar sudida o‘zbekistonlik bir fuqaroning g‘ayrioddiy va ko‘pchilikni hayratlantirgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu ishning eng qiziq jihati shundaki, fuqaro Rossiya hududiga borib, «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi safida Ukraina bilan qurolli mojaroda qatnashgani uchun sudlandi. Sud majlisida ochiq ko‘rib chiqilgan ushbu ish bo‘yicha sudyalar o‘z qarorlarini e’lon qilishdi.
Tafsilotlarga ko‘ra, 50 yoshli A.M. 2022 yil sentyabridan 2023 yil mart oyiga qadar Rossiya Federatsiyasiga borib, jangarilar safida faoliyat yuritish uchun «Vagner» kompaniyasi bilan to‘rt oylik shartnoma tuzgan. Bu shartnoma doirasida u maxsus harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilib, keyin Ukraina hududidagi harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun yuborilgan.
Jinoiy harakatlar haqidagi dalillar va guvohliklarga asosan ma’lum bo‘lishicha, fuqaro A.M. ijtimoiy tarmoqlar orqali «Vagner» kompaniyasining yuqori maosh va’da qilgan e’lonlariga qiziqib qolgan. Ayni vaqtda u iqtisodiy sharoitini yaxshilash maqsadida o‘z avtomobilini 3000 AQSH dollariga sotib, bu mablag‘ bilan Rossiyaga safar qilib, Krasnodar viloyatining «Xutr Molkina» nomli shaharchasida joylashgan «Vagner» harbiy bazasiga kelgan va to‘rt oylik shartnomaga imzo chekkan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, u Ukrainaga qarshi olib borilayotgan harbiy harakatlarda ishtirok etishi lozim edi.
Fuqaro A.M. dastlab 20 kunlik maxsus jangovar tayyorgarlikdan o‘tkazilgan va 170 nafar jangaridan iborat rotaning safiga qo‘shilgan. Keyin ularni Ukraina davlati hududiga beshta avtobus orqali olib borishgan. Bu yerda o‘zbekistonlik shaxs Ukraina qurolli kuchlariga qarshi harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etgan.
Shundan so‘ng, u 2023 yil yanvar oyi oxiriga qadar urush hududida bo‘lib, ko‘plab jangovar harakatlarda qatnashgan. U janglar chog‘ida rota tarkibidan atigi 24 nafar jangchi qolganini eslaydi. 2023 yil 3 fevral kuni jangarilar turgan hudud Ukraina armiyasining dronlari tomonidan granatalar bilan bombardimon qilingan va shu vaqtda A.M. yaqinida portlagan granata parchalaridan og‘ir jarohat olgan. U shoshilinch ravishda gospitalga yetkazilib, tezda jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan.
Ma’lum muddat gospitalda davolangan A.M. yana Krasnodardagi harbiy bazaga qaytib borgan. Unga shartnoma bo‘yicha va’da qilingan maosh berilib, 45 kunlik ta’tilga chiqarilgan. Shu tariqa A.M. 2023 yil 14 mart kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan.
Biroq u yashab kelayotgan uyda 2025 yil 11 fevral kuni Yangiyo‘l shahar Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida tintuv o‘tkazilgan. Tintuv paytida uning uyidan giyohvand moddalar (nasha) hamda uning Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etgani, og‘ir jarohatlangani va shuning uchun davolangani haqidagi tibbiy hujjatlar topilgan.
Mazkur holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov-sud jarayonlari boshlangan. Ayblov tarafi tomonidan sudda fuqaro A.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanmachilik) hamda 276-moddasining 1-qismi (chet davlatlar hududidagi qurolli mojarolarda ishtirok etish) bilan ayb qo‘yilgan.
Sud jarayonida ayblanuvchi A.M. o‘z qilmishini tan olgan va u bu jinoyatni iqtisodiy sabablarga ko‘ra sodir etganini ta’kidlagan. U o‘zining og‘ir hayot sharoiti sababli Rossiyaga borgani va faqatgina moliyaviy muammolarini hal qilish maqsadida «Vagner» safiga yollanganini aytgan. U bu harakatidan pushaymonligini ham bildirgan.
Sud ish bo‘yicha mavjud dalillarni, shuningdek, guvohlarning ko‘rsatmalarini to‘liq o‘rganib chiqib, fuqaro A.M.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddalari bilan aybli deb topdi va unga nisbatan 5 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Bu hodisa ijtimoiy tarmoqlarda ham katta muhokamalarga sabab bo‘ldi va ko‘pchilik yoshlar uchun og‘ir dars bo‘lib qoldi. Shuningdek, bu voqea chet davlatlardagi qurolli mojarolarga aralashish O‘zbekiston fuqarolari uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishini yana bir bor tasdiqladi. Mazkur holat O‘zbekiston jamiyati uchun muhim xulosalar chiqarish zarurligini ko‘rsatib turibdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar