
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida qalblarni larzaga solgan jinoyat sodir etildi. 1 iyun kuni mahalliy aholi orasida katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, sobiq Yo‘l-patrul xizmati inspektori O‘ktam Xo‘jaqulov pichoqlab o‘ldirildi. Ushbu mudhish holat haqida birinchi bo‘lib Telegram'dagi “Avtoblog.uz” kanali xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, marhum O‘ktam Xo‘jaqulov uzoq vaqt davomida Shahrisabz shahri Yo‘l-patrul xizmatida katta inspektor sifatida xizmat qilgan va 2014 yilda nafaqaga chiqqan edi. Shahrisabz ahli orasida yaxshi tanilgan va hurmatga sazovor bo‘lgan sobiq xodimning fojiali o‘limi shahar aholisini qattiq tashvishga soldi.
Qotillik voqeasi Shahrisabz shahridagi «Sinabog‘» mahallasi hududida sodir bo‘lgani aytilmoqda. Mahalliy aholi va blogerlarning ma’lum qilishicha, sobiq YPX inspektoriga qarshilik ko‘rsatgan shaxs mahallada «Ivan» taxallusi bilan tanilgan shaxs bo‘lgan. Hozircha janjalning aniq sababi va qotillikka olib kelgan holatlar ma’lum qilinmagan.
Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ushbu mahalla fuqarolaridan biri bo‘lgan Elshod Yahyo voqeaga munosabat bildirib, quyidagi fikrlarni yozib qoldirdi: «Bir paytlar bu mahalla Shahrisabzdagi eng xavfli hududlardan biri bo‘lgan. Bu yerda bezorilar va kriminal shaxslar hukm surgani sababli, begonalar bu mahallaga hatto oyoq bosishga qo‘rqqan. Afsuski, haligacha bu yerda qon to‘kilishi to‘xtamagan va go‘yoki o‘sha eski davr qonuni amalda qolgandek taassurot uyg‘otadi», – deydi u.
Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, marhum O‘ktam Xo‘jaqulov 48 yoshda bo‘lgan. Qotillik sodir bo‘lgan kuni jabrlanuvchi bo‘yin qismida olgan jiddiy tan jarohatlari bilan Shahrisabz shahar tez tibbiy yordam bo‘limiga yetkazilgan, ammo afsuski, uning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.
Hozirda ushbu mudhish holat yuzasidan Shahrisabz tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi («Qasddan odam o‘ldirish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qotillikda gumonlanayotgan 37 yoshli shaxs Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi asosida qo‘lga olingan va hozirda unga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda.
Mazkur voqea ortidan huquq-tartibot idoralari shaharda xavfsizlik choralarini kuchaytirgan va jinoyatga aniqlik kiritish bo‘yicha surishtiruv olib bormoqda. Bu mudhish voqea aholini yana bir bor ogohlikka chaqirmoqda. Zero, inson hayotini qadrlash va huquq-tartibot qoidalariga amal qilish jamiyatning har bir a’zosi uchun eng muhim vazifalardan biridir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar