date

Chet elda uzoq vaqt bo‘lgan fuqarolar uchun majburiy OIV testlari joriy etildi

Chet elda uzoq vaqt bo‘lgan fuqarolar uchun majburiy OIV testlari joriy etildi

O‘zbekiston qonunchiligida yana bir muhim o‘zgarish amalga oshdi. Endi chet elda uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq vaqt davomida bo‘lib, mamlakatga qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolar majburiy tibbiy OIV testidan o‘tishlari shart bo‘ladi.

Oliy Majlis Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi yangi qonunning asosiy maqsadi — yurtimizda mehnat migratsiyasi va xorijdan qaytayotgan fuqarolar soni ortib borayotgan sharoitda aholi salomatligini kafolatlashdan iborat.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil davomida chet eldan qaytib kelgan 1,7 milliondan ortiq o‘zbekistonlikning atigi 434 ming nafari OIV/OITS testidan o‘tgan. Tekshiruvda 1 512 holatda ushbu kasallik aniqlangan. Shuningdek, 12,7 mingdan ortiq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar test topshirgan, ular orasida 81 nafar kishida yuqumli kasalliklar borligi qayd etilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bugungi kungacha tekshiruvdan o‘tmagan minglab migrantlarda qaysi yuqumli kasalliklar mavjudligi aniq emas. Shu jihatdan ushbu qonun loyihasi dolzarb va amaliy ahamiyat kasb etadi.

Yangi qonunga ko‘ra, uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq muddat chet elda bo‘lib qaytgan fuqarolar, mehnat faoliyati bilan O‘zbekistonga kelgan yoki respublikada doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar OIV infeksiyasiga majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart qilib belgilandi.

Shuningdek, o‘zbekistonliklar va mamlakatimizda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun bu tekshiruv davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi. Xorijiy fuqarolar yoki fuqaroligi bo‘lmaganlar esa testdan o‘z mablag‘lari, ish beruvchi yoki boshqa manbalar hisobidan o‘tadi.

Yana bir muhim jihat — OIV/OITS va sil kasalliklari aniqlangan holatda, bu fuqarolarga O‘zbekistonda mehnat faoliyatiga ruxsatnoma berish rad etiladi.

Qonun muhokamasi yakunida senatorlar ushbu tashabbusni ma’qullab, qonunni qabul qilishdi. Yangi qoidalar tez orada amaliyotga joriy etiladi va aholi salomatligi uchun muhim kafolat sifatida xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chet elda uzoq vaqt bo‘lgan fuqarolar uchun majburiy OIV testlari joriy etildi