date

Saida Mirziyoyeva Bishkekdagi tadbirda nutq so‘zladi

Saida Mirziyoyeva Bishkekdagi tadbirda nutq so‘zladi

O‘zbekiston Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qirg‘izistonga safari doirasida Zakovat Asian Cup II intellektual turniri yakunlariga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etib, samimiy nutq so‘zladi.

U o‘z so‘zida qo‘shni xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikka urg‘u berdi. Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, bir paytlar yopilgan chegaralar ochildi, qishloqlarni ikkiga bo‘lib turgan simto‘rlar olib tashlandi. Natijada ajralgan oilalar yana birlashdi, farzandlar ota-onalar bag‘riga qaytdi.

U shu o‘rinda O‘zbekiston Qahramoni, ma’rifatparvar olim Ozod Sharafiddinovning “Chingiz Aytmatovning «Oq kemasi» — insoniyat uchun najot kemasidir” degan so‘zlarini esga oldi va bu fikrning hayotda o‘z tasdig‘ini topayotganini ta’kidladi.

Saida Mirziyoyeva ta’kidlaganidek, hozir dunyoda turli ziddiyatlar, xavf-xatarlar va notinchliklar avj olayotgan bir paytda Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston va Qirg‘izistonda do‘stlik va o‘zaro hurmat muhiti hukm surmoqda. Buni nafaqat xalqlarimiz, balki xalqaro hamjamiyat ham yuqori baholamoqda.

Uning fikricha, bu natijalar ikki davlat rahbarlari — Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarovning qat’iy siyosiy irodalari samarasidir. “Mamlakat yetakchilari yo‘l ko‘rsatayotgan ibratli yo‘l — xalqlarimiz tinchligi va davlatlar taraqqiyotining kafolatidir. Chunki bugun faqat chegaralargina emas, ko‘ngillarimiz ham ochiq”, — dedi u.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva yoshlar masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Uning aytishicha, yoshlar ilm-fan, madaniyat, san’at, sport, tadbirkorlik va intellektual musobaqalarda yelkadosh bo‘lib, chin yurakdan harakat qilmoqda va yirik natijalarga erishmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Saida Mirziyoyeva 19–20 avgust kunlari Bishkekka tashrif buyurib, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov hamda Prezident Administratsiyasi rahbari, Vazirlar Mahkamasi Raisi Adilbek Qasimaliyev bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, u poytaxtda tashkil etilgan “Ayol — dunyoni yaxshilik sari o‘zgartiruvchi lider” xalqaro forumida ham qatnashdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Saida Mirziyoyeva Bishkekdagi tadbirda nutq so‘zladi