date

Toshkentda “apk” virusi orqali 3 mlrd. so‘m o‘g‘irlagan jinoiy guruh fosh etildi

Toshkentda “apk” virusi orqali 3 mlrd. so‘m o‘g‘irlagan jinoiy guruh fosh etildi

Toshkent shahrida Android qurilmalari uchun maxsus “apk” viruslarini yaratib, fuqarolarning pul mablag‘larini qo‘lga kiritish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy tuzilma qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi axborot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Xavfsiz kibermakon” profilaktik tadbirlari doirasida vazirlikning markaziy apparati va Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari ishtirokida keng ko‘lamli tezkor amaliyot o‘tkazilgan. Tadbir davomida aniqlanishicha, guruh a’zolari Android operatsion tizimida ishlaydigan qurilmalar uchun maxsus zararli “apk” fayllar tayyorlab, ularni fuqarolarga tarqatish orqali SMS xabarlar, qo‘ng‘iroqlar va kontakt ma’lumotlariga noqonuniy yo‘l bilan ega bo‘lib kelgan.

Tekshiruv jarayonida virusli dasturlar maxsus Telegram guruhlariga ulangani va bu guruhda turli mamlakat fuqarolaridan iborat 11 nafar shaxs mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Ular muntazam ravishda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlab, o‘zaro taqsimlashgan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida jinoiy guruhning besh a’zosi qo‘lga olindi. Ular yashagan uylar hamda telefon qurilmalari ko‘zdan kechirilganda, 130 nafardan ortiq fuqarodan jami 3 milliard so‘mga yaqin mablag‘ o‘g‘irlangani aniqlandi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan va gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan. Shu bilan birga, jinoiy guruh bilan aloqador boshqa shaxslarni aniqlash maqsadida respublika hududi bo‘ylab maxsus tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda “apk” virusi orqali 3 mlrd. so‘m o‘g‘irlagan jinoiy guruh fosh etildi