date

Qarshidagi tungi poyga shov-shuvga sabab bo‘ldi

Qarshidagi tungi poyga shov-shuvga sabab bo‘ldi

Qashqadaryo viloyatida mototsikl haydagan qiz va Gentra haydovchisi tungi paytda shahar ko‘chalari bo‘ylab tezlik poygasi uyushtirgani uchun ma’muriy jazoga tortildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Qarshi markaziy ko‘chasida mototsikl haydovchisi va avtomobil haydovchisining tezlik bo‘yicha musobaqalashayotgani aks etgan. Viloyat IIB YHXB ma’lumotlariga ko‘ra, voqea joriy yilning 13 oktyabr kuni soat 01:00 atrofida sodir bo‘lgan.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, mototsiklni Andijon viloyatida yashovchi va haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan qiz boshqargan. U ijtimoiy tarmoqlarda e’tibor qozonish maqsadida poyga uyushtirishga qaror qilgan va Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi Gentra haydovchisi bilan kelishgan.

Ikkala haydovchi ham yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan, piyodalar hamda boshqa transport vositalari harakatiga to‘sqinlik qilgan va atrofdagilar hayotini xavf ostiga qo‘ygan.

Sud qaroriga ko‘ra, qiz MJtKning 128-10-moddasi (yo‘l bezoriligi), 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik) bo‘yicha aybdor deb topildi. Unga uch sutka ma’muriy qamoq va bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari — 10,3 million so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Gentra haydovchisi esa bir yil muddatga haydovchilik huquqidan mahrum qilindi, besh sutkaga qamaldi va xuddi shunday — BHMning 25 baravari miqdorida jarima to‘laydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qarshidagi tungi poyga shov-shuvga sabab bo‘ldi