
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan xalqaro hamkorlik doirasida yana bir muhim jinoiy ish fosh etildi. Qidiruvda bo‘lgan «Gryaz» laqabli jinoiy uyushma yetakchisi qo‘lga olinib, mamlakatga qaytarildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu shaxs o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, bosqinchilik, tovlamachilik, mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish kabi og‘ir jinoyatlarda ayblanib, 2023 yildan beri qidiruvda bo‘lgan. Tergovdan qochib, Turkiya hududida yashirinib yurgan 32 yoshli Yo.M.ni aniqlash va ushlash uchun kompleks tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan.
Operatsiya Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamentining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida amalga oshirildi. Natijada «Gryaz» laqabli jinoiy guruh yetakchisi qo‘lga olinib, joriy yil 5 dekabr kuni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Qayd etilishicha, Y.M. Jinoyat kodeksining bir qator moddalari — o‘ldirish yoki zo‘rlik bilan qo‘rqitish, bosqinchilik, tovlamachilik, mulkka qasddan zarar yetkazish hamda jinoiy uyushma tashkil etish bo‘yicha ayblanmoqda. Ushbu ishlar Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan olib borilgan tergov materiallari asosida rasmiylashtirilgan.
Hozirda ushlangan shaxs tergov organlariga topshirilgan bo‘lib, unga nisbatan qonuniy tartibda tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Huquq-tartibot idoralari bu kabi jinoyatlarga qarshi kurash qat’iy davom etishini va jinoyatchilar qayerda bo‘lishidan qat’i nazar javobgarlikdan qochib qutula olmasligini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.