00:49 / 22.02.2017
9 283

Rashk tufayli sudning qora kursisiga o‘tirgan “ojiza”lar

Rashk tufayli sudning qora kursisiga o‘tirgan “ojiza”lar

Ular sayoq yurgan ayoldan erini rashk qilib yoqalashgani uchun sudning qora kursisiga o‘tirishdi.

Sanobar (ism-shariflar o‘zgartirilgan) turmush o‘rtog‘i Doston bilan ukasi Anvarning tug‘ilgan kunini nishonlash uchun onasining uyiga yo‘l olishdi. Ular onasining uyiga etib kelishganda, uyda Anvar, akasi Ravshan, singlisi Aziza, onasi va Saida ismli tanish qiz o‘tirishardi. Kunlar issiq bo‘lganidan mehmonlar uchun hovliga joy qilingan edi. Hamma yig‘ilgach, ovqat suzildi, o‘tirganlar birin-ketin Anvarni tug‘ilgan kuni bilan tabriklashdi, erkaklar “sog‘lik uchun” deb qadah ko‘tarishdi. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lgan paytda Anvar ko‘chaga chiqib ketdi. Oradan taxminan bir soatlar o‘tgach, u o‘zi bilan ko‘chadan Nargiza ismli ayolni etaklab keldi.

Kutilmagan mehmon

Nargizaning tashrifi o‘tirganlarga xush yoqmadi. Odob yuzasidangina unga “oling-oling” deb manzirat qilishdi. Rustam ukasi Anvarni bir chetga tortdi.

— Anvar, o‘zingdan katta bu ayolni nimaga ergashtirib yuribsan? Chiqarib yubor, ketsin!

— Aka, bugun tug‘ilgan kunim, istagan odamimni uyga taklif qilishga haqqim bor! Nima yoshi katta bo‘lsa odam emasmi? – dedi jahli chiqib Anvar.

— Hech bo‘lmasa onamning oldida uyalsang bo‘larmidi? Yaxshilik bilan uni uydan chiqarib yubor! – dedi Ravshan g‘azabdan tishlarini g‘ijirlatib.

Aka-ukaning janjallashayotganini ko‘rib, Nargiza sekingina uydan chiqib ketdi. Uning ortidan Sanobarning eri Doston ergashdi. Sanobar aka-ukani ajratish bilan ovora bo‘lib, erining ketganini sezmay qoldi.

— Opa, pochcham Nargizaning orqasidan ketdi, yana uniyam boshini aylantirib olmasin, – dedi singlisi Aziza Sanobarga.

Ko‘chadagi mushtlashuv

Kutilmagan mehmon — Nargiza sababli uyda janjal ko‘tarilganidan g‘azabi qaynab turgan Sanobarni singlisining gaplari battar asabiylashtirdi.

— Men bilan yur, ularning orqasidan boramiz.

Opa-singil ko‘chaga chiqishganda vaqt allamahal bo‘lgandi. Ular Dostonni qidirib, bozor atrofidagi ko‘chalardan biriga kirishdi. Shu payt ularning qarshisidan qo‘lida pivo shishasini ko‘targancha Doston bilan Nargiza chiqishdi. Erining yarim kechasi begona ayol bilan ko‘chada pivo ichib yurganini ko‘rgan Sanobarning tepa sochi tikka bo‘ldi. Xotinining avzoyini ko‘rgan Doston sekingina Nargizani tashlab, juftakni rostladi.

— Ey, iflos, yarim tunda birovning eri bilan nimaga etaklashib yuribsan? – deb Nargizaga hujumga o‘tdi Sanobar.

— Menga nima deysiz? Zo‘r bo‘lsangiz eringizni tiyib oling, – gapdan qolmadi Nargiza.

— O‘zi sendaqa ayollar hamma joyni bulg‘aydi. Adabingni berib qo‘ymasammi? Hozir sharmandangni chiqaraman! — deya Sanobar Nargizaning sochlariga chang soldi.

Aziza ham opasiga yordamga etib keldi. Ular Nargizani ayovsiz kaltaklashdi, bu ham kamlik qilganday, ustidagi kiyimlarini tortqilab, yirtib tashlashdi. Opa-singilning ko‘chaga chiqib, qaytmaganidan xavotirga tushgan Saida ularni izlab yurganda katta janjalning ustidan chiqdi. Ayollarni ajratishga harakat qilayotganda Nargiza unga ham bir musht tushirdi. Begunohdan kaltak egani alam qilib, u ham Nargizani tepkilay ketdi. Nargizaning dodlaganidan uyqudagi odamlar ko‘chaga yugurishdi. Ammo Nargizaning ustida kiyimlari yirtib ketganidan erkaklar yaqinlashishga jur’at etisholmadi. Opa-singillar Nargizani yalang‘och holda xumordan chiqquncha kaltaklab, keyin qarg‘ancha uylari tomon yo‘l olishdi.

Sayoq yurgan tayoq edi, ammo...

Shovqindan uyg‘onib ketgan Mastura xola ham ko‘chaga chiqib, u erda kiyimlari yirtilib ketgan qizning yig‘lab o‘tirganini ko‘rdi. Uning Nargizaga rahmi kelib, uyidan xalat olib chiqdi. Ertasi kuni olgan tan jarohatidan tobi qochgan Nargiza shifoxonaga murojaat etdi.

Bu erda Nargiza jabrlanuvchimi yoki aybdormi? Balki u yarim kechasi begona erkakning uyiga kirib borishi axloq-odob qoidalariga zidligini tushunganda shuncha mashmasha bo‘lmagan, Sanobar, Aziza, Saidalar ham bezorilik jinoyatini sodir etib, sudning qora kursisiga o‘tirishmagan bo‘larmidi?

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rashk tufayli sudning qora kursisiga o‘tirgan “ojiza”lar