date

Raqamli mahalla orqali "qizil" va "sariq" hududlar nazoratga olinadi

Raqamli mahalla orqali "qizil" va "sariq" hududlar nazoratga olinadi

Mahallalardagi muammolarni “ko‘zbo‘yamachilik” emas, aniq raqam va ko‘rsatkichlar asosida o‘lchash, har bir hududga alohida yondashuvni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda “Raqamli mahalla” elektron platformasi orqali mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy mezonlar kesimida baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Taqdim etilayotgan tashabbusga ko‘ra, platformada mahalla hayotiga ta’sir qiladigan muhim yo‘nalishlar — infratuzilma holati, tadbirkorlik faolligi, kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik darajasi, nizoli oilalar hamda aholi murojaatlari kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilinadi. Shu tahlillar natijasida mahallalar shartli ravishda “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Ya’ni muammo ko‘p, ish orqada qolayotgan hududlar “qizil” toifaga tushishi, holat yaxshilanishiga ehtiyoj bor joylar “sariq” hisoblanishi, barqaror, ko‘rsatkichlari nisbatan yaxshi mahallalar esa “yashil” toifaga kiritilishi mumkin. Maqsad bitta — muammoni yashirish emas, uni aniqlab, manzilli yechim topish.

Shuningdek, tegishli tuman yoki shahar hokimlari “qizil” va “sariq” toifadagi har bir mahalla bo‘yicha ko‘rsatkichlarni yaxshilashga qaratilgan yillik dastur tayyorlashi, uni tasdiqlashi va mas’ul davlat organlari bilan hamkorlikda amalga oshirishi belgilanmoqda. Bu degani, har bir mahalla kesimida maqsad, vazifa va javobgarlik aniq ko‘rinish oladi.

Tashabbusda yana bir muhim jihat bor: har bir ko‘rsatkich sohasi bo‘yicha tegishli davlat organlari biriktirilishi nazarda tutilgan. Masalan, ishsizlik — bir idora, infratuzilma — boshqa tashkilot, jinoyatchilik — alohida mas’ul tuzilma nazoratida bo‘ladi. Eng asosiysi, “qizil” va “sariq” mahallalardagi ko‘rsatkichlarni yaxshilash jarayoni hokimliklar, vazirlik va idoralar ishini baholash mezoni sifatida ham qaralishi mumkin.

Qolaversa, ijtimoiy rivojlanish va infratuzilma dasturlari, tarmoq rejalari hamda davlat idoralarining yillik ish dasturlarini tuzishda “qizil” va “sariq” mahallalar muammolarini birinchi navbatda hal qilish ustuvor vazifa sifatida qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.

Qisqasi, “Raqamli mahalla” platformasi orqali mahallalarni “qaysi joyda nima og‘riyapti” degan savolga aniq javob berib turadigan tizimga aylantirish ko‘zlanyapti. Agar bu ish qog‘ozda emas, amalda ishlasa — “qizil”dan “yashil”ga o‘tish endi gapda emas, natijada bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Raqamli mahalla orqali "qizil" va "sariq" hududlar nazoratga olinadi