- Ishlashni xohlaysizlarmi! Irkutskda qurilishda ish bor. Zo‘r joy, o‘zim necha yildan beri ishlayapman. Boshlanishida ish haqlaring besh yuz “ko‘ki”da bo‘ladi, keyin ishlaringga qarab ko‘payadi. Yashash joyi, to‘rt mahal issiq ovqat bilan o‘zim ta’minlayman. Yo‘l xarajatlaring ham bizdan...
Og‘iz ko‘pirtirib, hamqishloqlariga ertakdagi “Susambil”ni va’da qilib, avrayotgan Elbek Hamidov gaplari ularga qanday ta’sir qilayotganini kuzatib, biroz tin oldi. Aka-uka Asliddin va Kamoliddin uning gaplariga mahliyo bo‘lib, o‘ylanib qolganini ko‘rib, ichida sevinib qo‘ydi. So‘ng yana bidirlab, ish og‘ir emasligini, kabel tortish bilan shug‘ullanishlarini, muammo tug‘ilgudek bo‘lsa, o‘zi yordam berishligini bildirdi, deb yozmoqda “Kun” nashri.
Yigitlarning otasi Akramjon aka Kamoliddinning hali voyaga etmaganligini, chegaradan o‘tishi mushkul masala ekanligini aytib ikkilanganida, notarius orqali o‘z akasi Asliddinning nomiga ishonchnoma qilib berishini aytib, uning xavotiriga chek qo‘ydi.
Toshkentgacha taksida kelishdi. Yo‘l kirani “serhimmat” Elbekning o‘zi to‘lab bordi. So‘ng Qozog‘iston chegarasidan o‘tishdi. Aka-ukani Irkutskka jo‘natayotgan avtobusga mindirib, u erda surxondaryolik Nizom ismli tanishi kutib olishini, o‘zi ham ishlarini bitirib, keyinroq etib borishini tayinlab, xayrlashdi.
Irkustkda aka-ukani kutib olgan Nizom avtobus haydovchisidan ularning pasportlarini olib, shahar chetidagi tashlandiq binoda joylashgan yotoqxonaga etaklab bordi. Juda sovuq, yashash uchun sharoit deyarli bo‘lmagan bu xonada aka-ukalarni boshqa ishchilar bilan bir qatorda hamqishloqlari Farrux Salimov va Muxtor Haydarovlar qarshilashdi. Ular ham ishlagani kelishgan ekan.
To‘rt-besh kundan so‘ng ularga Samil ismli kishi ro‘para bo‘ldi. Uning rahbarligida kabel uchun er qazish ishlarini boshlab yubordilar. Ish juda og‘ir edi. Belkurak va kerki bilan ertalab soat sakkizdan yarim tungacha er kavlardilar.
Bir haftalardan so‘ng Elbek yana ikki nafar qishloqdoshini, Muborak va Kasbi tumanlaridan “yangi mehmonlar”ni etaklab keldi. Shahrisabzlik Sadriddin Eshev, Maqsud Rahmonov, muboraklik Xoliqul Yo‘ldoshev, Erkin Allaev, Sirojiddin To‘qov, Ixtiyor Pirimqulov, Soyibjon Xo‘jamuratov, kasbilik Alisher Nurmatov va Norbek Erdonaev ham zahmatli er qazish ishlariga qo‘shilishdi. Elbek ularning pasportlarini yig‘ishtirib olib, Rossiyada ishlash uchun hujjat tayyorlab berishini aytdi.
Samilning zug‘umi kun sayin ortardi. U musofir ishchilarni odam o‘rnida ko‘rmas, tinimsiz haqoratlab ishlatardi. Elbekka pul berib, ularni sotib olganini, u hali ham qarzdor ekanligini, bu qarzlarni ularning ish haqlaridan olib qolishini pisanda qilardi.
Samildan pullarini ololmagan ishchilarning ayrimlari boshqa ishlarga o‘zlarini urib ko‘rishdi. Ammo “uddaburon” Elbek ular ishga joylashgan joyning xo‘jayinlari bilan til topishib, ularga tahdid qilishda davom etdi. Oxiri u yurtdoshlaridan “Elbekdan falon rubl miqdorida qarzdorman. O‘zbekistonga borganimdan so‘ng uning ustidan hech qaerga shikoyat qilmayman” mazmunida tilxat yozdirib olgachgina, ularni ortlariga qaytarib yubordi.
2013 yilning aprelida Irkutskka borgan ishchilar o‘sha yilning dekabr oyida navbatma-navbat, sarson-sargardon bo‘lib, bir amallab yo‘l kira ishlab, yurtlariga qaytib kelishdi. Ular keliboq Elbekning otasining uyiga borib, pullarini talab qilishdi. Ota dastlab o‘g‘lining ishlariga aralashmasligini aytdi, jabrdiydalar qayta-qayta kelaverishgach, noiloj ayrimlarining zararlarini qoplab berishga majbur bo‘ldi...
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudida 1987 yilda tug‘ilgan, shahrisabzlik Elbek Hamidovning jinoyat ishi ko‘rildi. Uning bir guruh kishilarni og‘ir mehnat va ish sharoitida zo‘rlik bilan ishlatib, jami 8250 AQSh dollari miqdoridagi ish haqlarini bermasdan o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborganligi aniqlandi.
Sud hukm qildi. Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan odam savdosi jinoyatiga qo‘l urgan Elbek Hamidovga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”