Aviator majmuasidagi yong‘in oqibatlari: bir kishining jasad topildi...

Toshkentning Yashnobod tumanida, Parkent ko‘chasida joylashgan Aviator savdo-ko‘ngilochar majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in ortidan dastlabki o‘rganish ishlari davomida vayronalar ostida bir kishining jasadi topildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy ma’lum qildi.

Vazirlik xabaridan kelib chiqib, yong‘in haqida poytaxt FVBBga 31-yanvar kuni soat 15:47 da xabar tushgan. Oradan ko‘p o‘tmay — 15:53 da qutqaruv guruhlari voqea joyiga yetib borgan va birinchi navbatda binodagi barcha fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Yong‘in esa 17:17 da to‘liq bartaraf etilgan.
Yong‘inni o‘chirish va oqibatlarni bartaraf etish ishlariga Azizbek Ikromov shaxsan boshchilik qilgani ham qayd etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu binoda Korzinka supermarketi ham faoliyat yuritadi. Tarmoq tomonidan berilgan bayonotda supermarket birinchi qavatda ijara asosida ishlashi, bino esa Korzinka’ga tegishli emasligi ta’kidlangan. Shuningdek, yong‘in o‘chog‘i ikkinchi qavatda — boshqa ijarachilar hududida aniqlangani, supermarket qismida yong‘in kelib chiqishiga aloqador holat yo‘qligi aytilgan. Mijozlar va xodimlar tezkor ravishda olib chiqilgan, ular orasida jabrlanganlar yo‘qligi bildirilgan.
Hozir eng muhim tomoni — hodisaning aniq sabablari va halok bo‘lgan shaxs haqidagi rasmiy ma’lumotlar tekshiruvlar yakunidan keyin ochiqlanadi. Bu kabi vaziyatlarda “kim aybdor” degan xulosaga shoshilmaslik kerak: faktlar hujjat bilan tasdiqlansin, keyin gapiriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!