date

O‘zbekiston ruhiy salomatlik xizmati Britaniya tajribasi bilan yangilanadi

O‘zbekiston ruhiy salomatlik xizmati Britaniya tajribasi bilan yangilanadi

Foto: “Dunyo” AA

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov Buyuk Britaniyaning International Hospitals Group (IHG) kompaniyasi rahbari Chester King bilan uchrashib, ruhiy salomatlik xizmatini xalqaro talablar asosida yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qildi.

“Dunyo” agentligiga ko‘ra, muloqot markazida ruhiy salomatlik yo‘nalishida xalqaro standartlarga mos ambulator va statsionar davolash muassasasini yo‘lga qo‘yish loyihasi turdi. Ya’ni, faqat qabul va maslahat emas, balki doimiy kuzatuv, davolash va reabilitatsiyani qamrab oladigan kompleks tizim haqida gap ketmoqda.

Uchrashuvda zamonaviy “aqlli shifoxona” konsepsiyasini joriy etish ham alohida muhokama qilindi. Bunda raqamli boshqaruv tizimlari, ish jarayonlarini avtomatlashtirish, muassasa menejmenti, shuningdek, kadrlar malakasini oshirish va mutaxassislarni tayyorlash kabi yo‘nalishlar ham nazardan chetda qolmadi.

Chester King poytaxt va Toshkent viloyatidagi psixiatriya hamda narkologiya xizmatlari muassasalariga tashrif buyurganini ta’kidlab, O‘zbekistonda ruhiy salomatlik sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga ijobiy baho berdi. U IHG nafaqat davlat muassasalari, balki nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan ham hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar ruhiy salomatlik xizmatini barqaror rivojlantirish, tibbiy yordam sifati va samaradorligini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, aholi uchun zamonaviy va ta’sirchan xizmatni ta’minlash bo‘yicha kelishib oldi. Shuningdek, britaniyalik mutaxassislarni jalb qilish orqali tizimni mustahkamlash masalasi ham kun tartibida qoldi.

Ma’lumot o‘rnida aytganda, International Hospitals Group (IHG) Buyuk Britaniyadagi xalqaro tibbiy infratuzilma kompaniyalari qatoriga kiradi. Kompaniya ruhiy salomatlik sohasida xalqaro standartlarga mos ambulator va statsionar klinikalarni loyihalashtirish va barpo etish bo‘yicha tajribaga ega. Hozirda IHG Yaqin Sharq davlatlarida ham faoliyat olib borayotgani qayd etildi.

Qisqasi, bu uchrashuv ruhiy salomatlikka oid xizmatlar “eskicha qolib ketmasligi” uchun katta signal: endi maqsad — zamonaviy tizim, kuchli menejment va insonga haqiqatan yordam beradigan amaliyot.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston ruhiy salomatlik xizmati Britaniya tajribasi bilan yangilanadi