19:14 / 04.03.2017
6 855

Svetoforga bo‘ysunmas avtobuslar, poygachi haydovchi va uning dastidan yiqilib tushgan onaxon

Svetoforga bo‘ysunmas avtobuslar, poygachi haydovchi va uning dastidan yiqilib tushgan onaxon

Xabaringiz bor, shu yilning 10 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.​ Ayni qarorning negizida yo‘lovchilarga avtotransport xizmatlari ko‘rsatishning rolini kuchaytirish, yo‘lovchilar tashish xavfsizligini oshirishga qaratilgan e’tibor yotadi.

Ming afsuski, avvaliga, yo‘lovchi Nadejda Udovichenko, keyinroq,​ Munavvar Ozbekova 58-yo‘nalishdagi​ avtobus haydovchisi ustidan shikoyat qilgani haqida xabar bergan edik.

Buni qarangki, yanvar oyda ayni mavzuda Prezident qarori chiqqan bo‘lsa-da, avtobus haydovchilari orasida “o‘z yo‘lida davom etayotgan” shaxslar hamon uchrab turibdi, deb yozadi Qalampir.uz nashri.

Bugun, 4 mart kuni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi Dilmurod Hamidullaev Toshkent shahar Navoiy shohko‘chasidan harakatlanib o‘tgan “Toshshahartransxizmat”​ AJga tegishli davlat raqami 01 346 HCA bo‘lgan avtobusda ro‘y bergan voqeani yoritib o‘tdi.

“Ertalab soat 8:55 da o‘z manzilim tomon avtobusga chiqdim. Uni boshqarib kelgan haydovchi ayrim bekatlarda umuman to‘xtamadi. Shu orada to‘satdan avtobusning tezligini tushirgani uchun yoshi katta yo‘lovchi ayol yiqilib tushdi, uning o‘rnida mening onam ham bo‘lishi mumkin edi. Qachongacha shunday qo‘pollik davom etadi?", deb yozadi internet foydalanuvchisi.

Bo‘lgan voqeani tahlil qilib, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi-ku, deb qolganlarning yonini olib tursak, boshqa lavhaga ko‘zimiz tushdi.

Video tasvirda ko‘ringan davlat raqami 01 482 WCA ​bo‘lgan birinchi avtobusning vajohatidan fil ham qo‘rqib ketadi. Yoningizdan avtobus emas, o‘t o‘chirish mashinasi o‘tdimikin, deb o‘ylanib qolasiz. Ortidan, chorrahadagi svetafor chirog‘iga parvo qilmay, “poyga”da ishtirok etayotgan ikkinchi avtobus (davlat raqami 01 846 NSA​) esa odam emas, o‘tin tashiyapti, shekilli.
[media=https://youtu.be/jdZ3Sbd9Gpc]
Avtobus haydovchisini oqlash mumkinmi? Agar rasional fikrlasak, u pul ortidan quvib, yo‘lovchi ko‘paygan vaqtdan unumli foydalanmoqchi, xolos. Lekin inson hayotini, uning sog‘lig‘ini pulga sotib olib bo‘ladimi? O‘ylaymizki, mutasaddilar bu masalaga e’tibor qaratadi. Poytaxtimiz ko‘chalarida osuda harakatlanuvchi avtobuslar paydo bo‘lib qolishini kutamiz. Insofdan begona qilmasin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Svetoforga bo‘ysunmas avtobuslar, poygachi haydovchi va uning dastidan yiqilib tushgan onaxon