Gurlan tumanida yana bitta noqonuniy qurilma bartaraf qilindi

Majburiy ijro byurosi Xorazm viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan sud qarorlariga asosan fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan qurilmalarni majburiy buzish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, o‘tgan 2025 yil va joriy yilning yanvar oyida amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari natijasida jami 426 ta har xil turdagi noqonuniy qurilmalar buzdirilishiga erishilgan.
Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Shovot tumanlararo sudining 09.08.2025 yildagi ijro varaqasiga asosan javobgar Z.I. tomonidan Gurlan tumani, "Ma’rifat" mahallasi hududida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 60 kv.metr yer maydonida o‘rnatilgan yengil tipdagi savdo shahobchasi javobgar hisobidan buzib olinishi va yer maydonini oldingi holatiga keltirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Gurlan tumani bo‘limi ish yurituviga 20.08.2025 yilda kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan javobgarga noqonuniy qurilmani o‘z hisobidan buzib olishi lozimligi haqida bir necha marotaba tushuntirish va ogohlantirishlar berilgan.
Shunga qaramasdan, javobgar tomonidan noqonuniy qurilma ixtiyoriy ravishda bartaraf etilmagan. Shu sababli, ushbu noqonuniy qurilma Byuro xodimlari tomonidan bartaraf etilib, ijro ishi joriy yilning 10 fevral kuni amalda tamomlangan.