“Exeed LX Premium” avtomashinasi auksion savdoga qo‘yildi

Bank kreditlari ko‘pchilik hollarda kafillik yoki garov evaziga beriladi. Agar kredit olgan shaxs bank oldidagi majburiyatlarini bajarmasa sud tomonidan kredit qarzdorligini garovdagi mulkka qaratish to‘g‘risida ijro varaqasi chiqariladi.
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi ish yurituviga ham aynan shu mazmundagi ijro hujjati kelib tushgan bo‘lib, unga ko‘ra qarzdor P.S.dan undiruvchi “Ipak yo‘li” AITB foydasiga 359,4 mln. so‘m kredit qarzdorligini undirish, shuningdek undiruvni qarzdorga tegishli avtotransport vositasiga qaratish belgilangan.
Byuroning Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan “ EXEED LX” rusumli avtomashina ro‘yxatga olinib, xatlangan.
Belgilangan ixtiyoriy muddatlarda kredit qarzi to‘lanmaganligi sababli, qiymati 328 mln. so‘mni tashkil etuvchi avtomashina “e-ijro auksion” yagona elektron savdo maydonchasida sotish uchun chiqarildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!