Daromadlar farqi keskin: Toshkent yetakchi hududlar ortda qolmoqda

2026 yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston aholisining umumiy daromadlari 263,2 trillion soʻmga yetdi. Real oʻsish 7,8 foizni tashkil etganiga qaramay, iqtisodiy tengsizlik muammosi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, mamlakat boʻyicha oʻrtacha jon boshiga daromad 6,9 million soʻmni tashkil etgan, ammo poytaxt va hududlar oʻrtasidagi farq juda katta.
Ayniqsa, Toshkent shahrida aholi daromadlari keskin yuqori boʻlib, oʻrtacha 19,1 million soʻmga yetgan. Bu koʻrsatkich Namangan viloyatida qayd etilgan 4,6 million soʻmlik eng past daromaddan qariyb toʻrt barobar yuqori. Bu esa hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy nomutanosiblik qanchalik chuqur ekanini yana bir bor koʻrsatadi.
Daromad manbalari tahlili shuni koʻrsatadiki, aholi farovonligining asosiy qismi hali-ham mehnat faoliyati hissasiga toʻgʻri kelmoqda — 60,7 foiz. Shu bilan birga, chet eldan yuboriladigan pul oʻtkazmalari ham muhim rol oʻynamoqda va ular umumiy daromadning 27,5 foizini tashkil etmoqda.
Qizigʻi shundaki, oʻzini oʻzi band qilganlar ulushi 29,8 foizga yetgan boʻlib, bu deyarli rasmiy ish bilan taʼminlangan aholi ulushiga (30,9 foiz) tenglashib bormoqda. Bu holat iqtisodiyotda norasmiy sektorning ulushi hali ham yuqori ekanini anglatadi.
Ayrim hududlarda esa tashqi mehnat migratsiyasiga bogʻliqlik sezilarli darajada. Masalan, Andijon viloyatida aholi daromadlarining 31,2 foizi aynan transfertlar hisobiga toʻgʻri keladi.
Shu bilan birga, iqtisodiy oʻsish surʼatlari ham barcha hududlarda bir xil emas. Xorazm viloyatida oʻsish 2,8 foizni, Fargʻona viloyatida esa 2,9 foizni tashkil etib, respublika oʻrtacha koʻrsatkichlaridan ancha past darajada qolmoqda.
Qisqacha aytganda, mamlakatda umumiy daromadlar oʻsib borayotgan boʻlsa-da, hududlar oʻrtasidagi farq, norasmiy sektorning yuqori ulushi va migratsiyaga bogʻliqlik kabi omillar iqtisodiy barqarorlik va muvozanatli rivojlanish uchun hali ham jiddiy masala boʻlib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!