Andijonlik ayol bir yo‘la to‘rt farzandli bo‘ldi

Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi ayol to‘rt nafar egizakni dunyoga keltirdi, deb SSV Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Andijon shahridagi «G‘ayrat» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Odinaxon Muhammadjonova 2 iyun kuni ko‘p homilalik tashxisi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialiga qabul qilingan.
Oradan bir necha kun o‘tib, muddatidan oldin tug‘ruq tashxisi bilan kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazilgan.
Tug‘ruq jarayoni filialning tajribali akusher-ginekologlari, neonatologlari va reanimatologlari ishtirokida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.
Natijada uch nafar o‘g‘il va bir nafar qiz chaqaloq dunyoga kelgan.

Birinchi chaqaloqning vazni 2415 gramm, bo‘yi 44 santimetrni tashkil qilgan. Ikkinchi o‘g‘il chaqaloq 1730 gramm vazn va 37 santimetr bo‘y bilan tug‘ilgan.
Uchinchi chaqaloqning vazni 2405 gramm, bo‘yi 44 santimetr bo‘lgan. To‘rtinchi chaqaloq — qizaloqning vazni 1885 gramm, bo‘yi esa 39 santimetr etib qayd etilgan.
Hozirgi vaqtda ona va chaqaloqlar shifokorlar nazorati ostida bo‘lib, ularning ahvoli yaxshi ekani ma’lum qilindi.






























Izohlar 0
…