07:32 / 28.04.2017
8 436

O‘zbekistonliklar ajrashish masalasiga qanday munosabatda?

O‘zbekistonliklar ajrashish masalasiga qanday munosabatda?
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili doirasida navbatdagi so‘rov o‘tkazildi.

Mazkur so‘rovda keng jamoatchilik, yoshlar, otaxonu onaxonlar, turli kasb va millat vakillari, shaharu qishloqlar aholisi qatnashgan.

So‘rov shuni ko‘rsatdiki, mutlaq ko‘pchilik uchun oila hayotning barcha sohasida muhim rol o‘ynaydi hamda ijtimoiy va axloqiy jihatdan katta ahamiyatga ega. Ularning fikricha, O‘zbekistonda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonida oilaviy qadriyatlar fuqarolar uchun umrning ustuvor maqsadi bo‘lib qolmoqda. So‘rov ishtirokchilarining 90,7 foizi ajrimga salbiy munosabatda ekanini bildirgan.

Tahlillarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar uchun oila qarindoshlik hamda nikoh rishtalari bilan bog‘langan kishilar guruhi, jamiyat va davlatning asosi hisoblanadi. Oila mamlakat barqarorligi hamda xavfsizligini yanada mustahkamlash, yosh avlodni tarbiyalashda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu ma’noda, fuqarolar o‘z farzandlari, umuman, jamiyat kelajagi uchun oilaning mas’uliyatini teran anglashi qayd etilgan.

So‘rov ishtirokchilarning fikricha, nikohga kiruvchilarning yoshi oila qurishga ta’sir etuvchi muhim omildir. Aniqlanishicha, O‘zbekiston aholisi uchun yigitlarning 24-25 yoshda, qizlarning esa 21 — 23 yoshda bo‘lishi oila qurishning eng maqbul payti sanaladi. Oila qurishdan avval yoshlar ma’lumot olishlari, kasb-hunar egallashlari va eng asosiysi, iqtisodiy mustaqil bo‘lishlari kerak.

Ishtirokchilarning bildirishicha, yoshlarning turmushga tayyorligi ularning ma’naviy etukligi hamda oilasi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyor ekani bilan belgilanadi.

So‘rov aholining aksariyat qismi Oila kodeksining nikohga kiruvchi yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va bir-birini o‘zining sog‘lig‘i haqida xabardor qilishi shartligi haqidagi qoidalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi.

Ayni paytda so‘rov jarayonida fuqarolarimiz nikohga kirishda ota-ona roziligining ahamiyati hamda zaruratini e’tirof etishgan. Mutlaq ko‘pchilik, ya’ni respondentlarning 99,4 foizi fikriga qaraganda, nikohga kiruvchi yoshlar uchun ota-onalarning oq fotihasi oilaviy baxtning, farovonlikning muhim omilidir.

Fuqarolarning fikriga ko‘ra, oilaviy muhit bolaning komil inson bo‘lib voyaga etishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Aynan shu sababli ota-onalar mustahkam oila qanday bo‘lishi, er-xotin bir-biriga va farzandlariga qanday munosabat ko‘rsatishi, nikoh — oila masalasiga taalluqli holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi masalalarida o‘zlari ibrat bo‘lishlari lozim.

So‘rov ishtirokchilarining aksariyati o‘z farzandlarini yaxshi tushunadilar hamda ular bilan o‘zaro ishonchga asoslangan munosabat o‘rnatishga harakat qilishadi. Ular hozirgi ota-onalar va farzandlarni turli qarashlar hamda hayotiy tamoyillar ajratib turishi haqidagi fikrlarga umuman qo‘shilmaydilar. Oilada munosabatlar kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, azaliy qadriyatlar ruhida shakllanadi.

Respondentlar farzandiga yaxshi ta’lim berish ota-onaning eng asosiy burchi, deb biladi.

Ota-onalar turli sabablar tufayli hamisha ham o‘z bolalarining tarbiyasiga etarlicha e’tibor va mas’uliyat bilan yondasha olmayotgani so‘rov natijasida ayon bo‘ldi. Respondentlarning chorak qismi farzandlari maktabga qatnamayotganini tan olishgan. Ular buni o‘qishga qiziqishning yo‘qligi yoki murakkab oilaviy ahvol bilan izohlashmoqda. Har o‘ninchi ota-ona farzandi bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazishi, mobil telefonidan qaysi maqsadlarda foydalanishi bilan qiziqmaydi. Ular ushbu masalalarda farzandlariga to‘la ishonishlarini bildirishgan.

So‘rov natijalari maktablarda qiziqishlar bo‘yicha to‘garaklar tuzish, sport hamda boshqa seksiyalar, o‘quv zallari va kutubxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘quv muassasalarida o‘smirlarni “ko‘cha” hamda internetning salbiy ta’siridan asrash, yosh avlodning mazmunli dam olishini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini ko‘rsatdi.

O‘tkazilgan monitoring aholining katta qismi oilalarning ajralishiga salbiy munosabatda ekanini yana bir karra namoyon qildi. Fuqarolar oila buzilishiga, asosan, yoshlarning oilaviy hayotga tayyor emasligi, ularda hayotiy tajriba etishmasligi, bir-biri bilan murosa qila bilmasligi, kelishmovchiliklarning oldi olinmayotgani, vaqtinchalik moddiy qiyinchiliklar, er-xotinning fe’l-avtori bir-biriga mos kelmasligi sabab bo‘layotganini qayd etgan.

Umuman olganda, tadqiqot yurtimizda oila institutini mustahkamlash hamda rivojlantirish, fuqarolarning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, oilalarning hayotida mahallaning roli hamda ahamiyatini kuchaytirish, jamiyatda nikoh — oila munosabatlarini mus¬tahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rilayotgani bu borada olib bori¬layotgan davlat siyosatining samaradorligidan, O‘zbe¬kistonda oilalar baxtli ekanidan dalolat beradi.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi materiallari asosida tayyorlandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonliklar ajrashish masalasiga qanday munosabatda?