Urgutda 27,4 ming dollarlik gashish savdosi fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holat aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, Urgut tumanida yashovchi 1990, 1998 va 2008 yillarda tug‘ilgan uch nafar mahalliy fuqaro 2 kilogramm 80 gramm gashish moddasini shartli xaridorga 27,4 ming AQSH dollariga sotayotgan paytda ushlangan.
Tezkor tadbir vaqtida giyohvandlik vositasi va boshqa ashyoviy dalillar rasmiylashtirib olingan. Ushlangan shaxslardan biri muqaddam aynan giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangani ham aniqlangan.
Hozirda uch nafar gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday jinoyat uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.































Izohlar 0
…