Mashhur bloger Gonzo nima uchun qamaldi?

“Gonzo” taxallusi bilan tanilgan bloger Geydar Aliyev ma’muriy javobgarlikka tortildi. Sud qaroriga ko‘ra, u bir qator huquqbuzarliklarda aybli deb topilib, ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bloger joriy yilning 13 iyun kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan festival davomida jamoat tartibiga zid harakatlar sodir etgan. Xususan, u ayrim fuqarolarni ularning roziligisiz videotasvirga olgan va ushbu materiallarni internet tarmoqlarida tarqatgan.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagani hamda jamoat joyida haqoratomuz so‘zlar ishlatgani qayd etilgan.
Sud hujjatlarida keltirilishicha, 17 iyun kuni bloger Telegram orqali bir fuqaroning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni tarqatgan.
Sud majlisi davomida Geydar Aliyev o‘z harakatlaridan afsusda ekanini bildirib, qilgan ishlari uchun pushaymonligini aytgan. Jabrlanuvchilar esa qonun doirasida qat’iy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud qaroriga asosan, bloger Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talabini bajarmaslik hamda shaxsga doir ma’lumotlar haqidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi.
Natijada unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.






























Izohlar 0
…