Qo‘qonda 20 yoshli yigit tanishini pichoqlab o‘ldirdi: sud hukmi chiqdi

Qo‘qonda 20 yoshli yigit tanishini pichoqlab o‘ldirdi: sud hukmi chiqdi

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yoshlar o‘rtasida uzoq vaqtdan buyon davom etib kelgan nizo qonli yakun topdi. Ko‘chada yuz bergan janjal oqibatida bir yigit halok bo‘ldi, ayblanuvchi esa sud hukmi bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Sud materiallariga ko‘ra, voqea kuni 2006 yilda tug‘ilgan yigit mobil ilova orqali taksi chaqirib, o‘ziga tanish bo‘lgan uch nafar qiz bilan Qo‘qon shahridagi savdo nuqtalaridan biriga yo‘l olgan.

U yerda u avvaldan kelishmovchiligi bo‘lgan bir guruh yigitlarga duch kelgan. Vaziyat keskinlashishini anglagan yigit avtomobildan tushmasdan ortiga qaytishga qaror qilgan. Biroq qarshi tomon uni ko‘rib qolib, avtomashinada ta’qib qilishni boshlagan.

Ma’lum qilinishicha, ta’qibchilar Matiz avtomashinasiga yetib olib, uning eshik va oynalariga zarba bergan. Hodisadan sarosimaga tushgan haydovchi avtomashinani boshqarish chog‘ida beton to‘siqqa urib olgan. Shundan keyin sudlanuvchi rulga o‘tirib, voqea joyidan chiqib ketishga uringan.

Oradan ko‘p o‘tmay, Nexia avtomashinasida kelgan yigitlar Matiz yo‘lini to‘sib, uni to‘xtatgan. Ular avtomobildagi qizlardan birini tushirishga uringan vaqtda janjal yana avj olgan.

Shu asnoda sudlanuvchi yonida bo‘lgan pichoqni ishlatib, o‘z tomoniga yaqinlashgan yigitlardan biriga ko‘krak qismiga zarba bergan. Og‘ir tan jarohati olgan jabrlanuvchi voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.

Mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) hamda 267-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topildi.

Tayinlangan jazolar qisman qo‘shilib, unga 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Jazoni umumiy tartibli jazoni ijro etish koloniyasida o‘tashi belgilangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar