APK ortidagi tuzoq: 21 kishi 336 million so‘midan ayrildi

Kiberfiribgarlar fuqarolarni aldashning yana bir xavfli usulidan foydalangani ma’lum bo‘ldi. Navoiy viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan zararli APK ilovalari orqali bank kartalariga noqonuniy kirib, katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh fosh etildi.
Viloyat IIB ma’lumotiga ko‘ra, tergovga bir fuqaroning bank hisobvarag‘idan katta miqdordagi mablag‘ izsiz yechib olingani haqidagi murojaati asos bo‘lgan. Aniqlanishicha, jabrlanuvchiga noma’lum shaxs tomonidan zararli APK fayl yuborilgan. Uni o‘rnatgach, firibgarlar shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan va fuqaroning E-auksion tizimidagi ma’lumotlaridan foydalanib, bank kartasidagi 230 million so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan.
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli profilaktik tadbirlari doirasida o‘tkazilgan tezkor operatsiya davomida mazkur jinoyatga aloqadorlikda gumon qilingan uch nafar shaxs qo‘lga olindi.

Tergov jarayonida ushbu guruh faqat bitta holat bilan cheklanmagani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular respublika bo‘ylab 21 nafar fuqaroning jami 336 million so‘m mablag‘ini kiberfiribgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
So‘nggi oylarda mamlakatda Telegram orqali zararli APK fayllar tarqatish bilan bog‘liq kiberjinoyatlar ko‘paygani kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan mutaxassislar fuqarolarga noma’lum manbalardan kelgan APK fayllarini yuklab olmaslik, shaxsiy ma’lumotlarini hech kimga taqdim etmaslik va faqat ishonchli manbalardan dastur o‘rnatishni tavsiya etmoqda.






























Izohlar 0
…