17:35 / 25.05.2017
6 077

Kolokolsev: Rossiyada O‘zbekistonning 1,7 mln fuqarosi yashamoqda

Kolokolsev: Rossiyada O‘zbekistonning 1,7 mln fuqarosi yashamoqda
Rossiya Federasiyasida bugungi kunda O‘zbekistonning 1,7 mln fuqarosi yashamoqda. Bunday ma’lumotni Rossiya Federasiyasining ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev Toshkentda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov bilan uchrashuvda keltirib o‘tdi, deb yozadi Kun.uz nashri.

Kolokolsev muzokaralarda aprelda imzolangan, Rossiya hududida vaqtinchalik ish faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini tartibli qabul va jalb qilish haqidagi va migrasiya sohasidagi mutasaddi idoralar vakolatxonalarini ta’sis etish haqidagi kelishuvlarning muhimligini ta’kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, 2017 yil boshidan Rossiyaga 600 ming o‘zbekistonlik kelgan, bu esa bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 10 foizga ko‘proqni tashkil qiladi. Shu tariqa hozirda Rossiyada yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning soni 1,7 mln kishiga etgan.

"Bizga bu sohada hamkorlikni mustahkamlash zarur, buni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Biz, albatta, davlatlarimiz rahbarlarining ham huquqiy, ham amaliy hamkorlik borasidagi qarorlarini hayotga tatbiq qilishimiz kerak", deb ta’kidlab o‘tdi Kolokolsev.

Kolokolsevning aytishicha, tezlik bilan noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashish va mehnat muhojirlarining mehnat faoliyati va ularning huquqlarini himoyalash bilan bog‘liq masalalarni hal qilish bo‘yicha Rossiya-O‘zbekiston ishchi guruhlarining ishini faollashtirish lozim.

Kolokolsev bu yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikni MDH ishtirokchi davlatlari ichki ishlar vazirliklari Kengashi va ShHT mintaqaviy aksilterrorchilik tuzilmasi formatlarida ham davom ettirishni taklif qildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda huquq-tartibot faoliyati bo‘yicha Rossiya ichki ishlar vazirligining vakili lavozimini kiritish taklif qilindi. Ushbu taklif qo‘llab-quvvatlandi.

Xodimlarni tayyorlash masalasi muhokamasi vaqtida rossiyalik vazir o‘zbekistonlik hamkasblarining O‘zbekiston ichki ishlar vazirligi xodimlarini Rossiya ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalarida o‘qitish uchun kvotalar kiritish bo‘yicha istaklarini e’tiborga olishga va’da berdi va ikki davlat ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalarining pedagogik jamoalari va tinglovchilarining o‘zaro amaliyot o‘tash masalalarini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Uning fikricha, "tajriba almashish o‘ta zarurdir".

Kolokolsev Abdusalom Azizovni O‘zbekistonda ichki ishlar hududiy organlarining jamoatchilik tuzilmalari va aholi bilan ishlash bo‘yicha joriy qilingan yo‘nalish bilan tanishishga imkoniyat yaratgani uchun minnatdorlik izhor etdi. "Biz ham tumandagi bo‘g‘inlarni mustahkamlashga katta e’tibor qaratamiz. Qisqartirishlarga qaramasdan, 5 yil ichida bu bo‘linmalar xodimlari soni 55 foizdan 70 foizgacha ko‘paygan", deb qayd qildi Rossiya ichki ishlar vaziri.

Uchrashuvning yakunida ikki davlat ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida 2017-2018 yillar uchun hamkorlik bayonnomasi imzolandi. Kolokolsev bu bayonnoma amaliy mazmun bilan to‘ldirilishiga ishonch bildirdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kolokolsev: Rossiyada O‘zbekistonning 1,7 mln fuqarosi yashamoqda