11:06 / 05.07.2017
7 064

Qozog‘istondagi mudhish YTHda jabrlangan o‘zbekistonliklar kechinmalari bilan o‘rtoqlashishdi

Qozog‘istondagi mudhish YTHda jabrlangan o‘zbekistonliklar kechinmalari bilan o‘rtoqlashishdi
Ma’lumki joriy yilning 20 iyun kuni Aktyuba viloyati Aytekebiy tumani Karabutak posyolkasidan 20 kilometr uzoqlikda Samara-Chimkent trassasining 946-kilometrida soat 10.20 da yo‘l-transport hodisasi yuz berib, “Mersedes” rusumli ikki qavatli yo‘lovchilar avtobusi ag‘darilib tushgandi.

Mazkur hodisa oqibatida 52 kishi (50 ta O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va 2 ta Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi) jarohat oldi.

Mudhish hodisa 9 kishining hayotini olib ketdi, 18 kishi turli darajadagi tan jarohati oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining rasmiy saytida Qozog‘iston Respublikasi hududida sodir bo‘lgan halokatda jabrlanganlardan olingan qisqacha intervyular chop etildi.

Farg‘ona viloyati Rishton tumani «Mehnatobod» QFY yashovchi Qurbonov Ilxomjon Nabijonovich:

“Cho‘lda ketayotganimizda birdaniga avtobus ag‘darilib ketib, men va yonimdagilarni vahima bosdi. Avtobusdagi narsalar ustimizga ag‘darilib tusha boshladi. Men belim bilan o‘tirg‘ichga zarb bilan borib urildim, nima bo‘lganini tushunolmay qoldim. Odamlarning baqir chaqiri eshitildi, o‘rnimdan turishga qiynaldim.

Darhol, Qozog‘iston Respublikasi Ichki Ishlar xodimlari va yo‘lovchilar to‘xtab yordam berishdi, bir oz vaqt o‘tgandan so‘ng, qutqaruvchilar etib kelishdi va barchamizni olib chiqishdi. Keyinchalik, bizlarni shaharga olib ketishdi. Barchamizga tibbiy yordam ko‘rsatildi uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlashdi. Ushbu yo‘l harakati hodisasi oqibatida halok bo‘lgan yo‘lovchilar jasadlarini esa tobutga solib qo‘yishdi. Shundan so‘ng, uzoq yurdik va samolyotga o‘tirib O‘zbekistonga etib keldik. Bo‘lib o‘tgan voqeada o‘g‘lim vafot etganidan qattiq iztirobdaman. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan vatanimizga tezkorlik bilan qaytarib olib kelingani, barchamizga ko‘rsatilgan yordamlaringiz uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga alohida minnatdorligimizni bildiramiz, agar zudlik bilan orqaga qaytarmaganlaringizda bilmadim holimiz nima kechardi. O‘zbekiston Respublikasi hududida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Mudofaa vazirligi xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan yordamlar, g‘amxo‘rlik uchun o‘z minnatdorligimizni izhor etamiz”.

Samarqand viloyati Nurobot tumani «Jarquduq», QFY «Oltio‘g‘il» MFYda yashovchi Sayfiev G‘ayrat Norboyevich:

“Avtobusda haydovchilar almashganini ko‘rdim, oz vaqt o‘tgandan so‘ng, o‘zim ham uxlab qolibman. To‘satdan avtobusga nimadir bo‘ldi. Men qo‘rqib ketdim. Bilsam avtobus ag‘darilib ketibdi. Bemorlarga yordam ko‘rsatishdi, menga hech narsa qilmadi, biroq afsuski avtobusdagi yo‘lovchilarning ayrimlari vafot etishgan ekan.

Qozog‘iston Respublikasi Ichki Ishlar xodimlari, qutqaruvchilari hamda shifokorlari bizlarga yaxshi qarashdi, qanday qilib uyga borar ekanman deb o‘ylanib qoldim, yaxshiyam samolyot uchib keldi va bizlar qaytib keldik. Mana shunday g‘amxo‘rlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Hukumatimizga o‘z minnatdorligimizni izhor etamiz. Qozog‘iston Respublikasiga yuborilgan samolyot, har tomonlama ko‘rsatilgan yordamlaringiz uchun katta rahmat aytib qolamiz”.

Sirdaryo viloyati Sardoba tumani, Ulug‘bek ko‘chasi, 39 uyda yashovchi Qodirov Nurali Anarbaevich:

“Nima bo‘layotganini o‘zim ham bilmay qoldim, birdaniga avtobusda odamlarning vahimali ovozlari eshitildi. Qo‘limni urib oldim boshqa joyimga hech narsa qilmadi. Bir kundan so‘ng, samolyot uchib keldi va bizlar qaytib keldik. Biz bilan birga bo‘lgan odamlar vafot etgani achinarli. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatiga alohida o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Shu bilan birgalikda, bizlarga yaqindan ko‘rsatgan yordamlari uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash, Ichki Ishlar va Mudofaa vazirliklari xodimlariga o‘z minnatdorligimizni izhor etamiz”.

Surxondaryo viloyati Uzun tumani, «Telpakchilar» QFY, «Yangi hayot» MFYda yashovchi Xolmatov Behruzbek Abdurashid o‘g‘li:


“Avariya bo‘lganida juda ham qo‘rqib ketdim, oldimdagilarni boshidan jarohat olganini ko‘rdim. Yo‘lovchilar kelib yordam berishdi. Vafot etganlar ham bor ekan, ularni ham olib chiqishdi. Hammani qaysidir binoga olib ketishdi, biz u erda dam oldik. Ichki Ishlar xodimlari bizlardan nima bo‘lganini so‘rab olishdi. Bir kundan so‘ng, samolyotga o‘tirib qaytib keldik. Ko‘rsatilgan yordamlaringiz uchun barchangizga rahmat aytamiz. Shunday Davlatimiz borligidan, bu O‘zbekiston Vatanimizda insonparvarlik, muhtoj odamga yordam qo‘lini uzatilishini, hech kim-hech qachon nazardan chetda qolib ketmasligiga yana bir-bor amin bo‘ldim. Ko‘rsatilgan yordamlaringiz uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash, Ichki Ishlar va Mudofaa vazirliklari xodimlariga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Barchasi uchun kattadan-katta rahmat aytamiz”.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qozog‘istondagi mudhish YTHda jabrlangan o‘zbekistonliklar kechinmalari bilan o‘rtoqlashishdi