Televideniega gazetalarimiz haqida e’lon bermoqchi edik. Shu bois e’lon va reklamalar tariflari bilan qiziqdik. Milliy teleradiokompaniyaning bu ishga mas’ul xodimlari bilan gaplashgan edim, tariflar haqidagi ma’lumotni bir zumda elektron pochtamga tashlab berishdi. Avvaliga pochtaga kelgan xatdagi yozuvlarga unchalik ishonmadim. Sababi tariflarning asosiy qismi so‘mda emas, AQSh dollarida ko‘rsatilgan ekan. Shu bois xayolimda bitta savol paydo bo‘ldi: nima uchun dollarda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994 yil 16 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq 1994 yil 1 iyuldan muomalaga kiritilgan milliy valyutamiz mamlakatimiz mustaqilligining asosiy ramzlaridan biri hisoblanadi. O‘sha sanadan boshlab O‘zbekiston hududida “So‘m” qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib kelmoqda. Unda nega televideniedagilar reklama uchun to‘lovni AQSh dollarida talab qilayapti?
Pulning qiymat o‘lchovi sifatidagi funksiyasi baholar shakllanishi bilan tovarlar qiymatini baholashdan iborat. Shu bois puldan tovarlar va xizmatlar qiymatini solishtirish va o‘lchash uchun foydalaniladi. Nahotki so‘m o‘sha vazifani bajara olmasa?
To‘g‘ri, televideniega reklama olib borsangiz, sizdan dollar talab qilmaydi, lekin pulni so‘mda o‘sha kuni Markaziy Bank belgilagan kursda to‘lashingiz kerak. Vaholanki, kurs har haftada o‘zgarib, oshib borayapti. Bu menimcha hisob-kitoblarda ham qo‘shimcha noqulayliklar tug‘dirsa kerak. Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz lozimki, xorijiy korxona va kompaniyalarning reklama hamda e’lonlari, so‘zsiz, erkin konvertasiya qilinadigan valyutada bo‘lishi kerak. Bu televideniemiz rivojiga xizmat qiladi.
Albatta, televideniedagilar GM Uzbekistan AJ, Ucell, Beeline, UMS Perfectum kabi mobil aloqa kompaniyalari ham hisob-kitobni AQSh dollarida hisoblashayapti-ku, deyishlari mumkin. Ularning e’tirozlarida jon bor. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, yuqorida tilga olingan korxona va kompaniyalarning xorijga aloqadorlik tomonlari bor. Masalan, GM Uzbekistan’da ishlab chiqarilayotgan avtomobillar qismlarining ma’lum foizi chet davlatlardan valyutaga olib kelinadi.
Shunday bo‘lsa-da, ularning ham bu harkatlarini oqlab bo‘lmaydi. Ayni paytda avtomobillar so‘mda, lekin AQSh dollarining Markaziy Bank belgilagan kursida sotilayapti. Bu degani har hafta avtomobillar bahosi oshayapti. Dunyoning qaysi mamlakatida shunaqa narx bor? Jahondagi qaysi avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonaning avtomobillari bahosi har haftada o‘zgarib turadi?
Endi yuqorida tilga olingan mobil aloqa kompaniyalar haqida. Ularning narx siyosati ham GM Uzbekistan bilan bir xil. Har hafta mobil aloqa xizmati bahosi oshib borayapti. Bu qanaqa narx siyosati ekanligini bironta mutaxassis tushintirib bera oladimi? Bu erda ham yuqoridagi savolni takrorlashga to‘g‘ri keladi: nahotki so‘m qiymat o‘lchovi vazifasini bajara olmayotgan bo‘lsa?
Har bir korxona barqaror ishlashni, ishchilari muntazam maosh olib to‘q-farovon yashashini istaydi. Shu bois o‘z mahsulotiga narx belgilaydi. Bizda negadir juda ko‘p korxona va kompaniyalar o‘z mahsulotlariga baho qo‘yishda doimo dollarni asos qilib oladi. Nega? Nima, boshqa asos qilib oladigan mezon, o‘lchov yo‘qmi? Bor! Masalan, men reklama va e’lonlar bahosini ham, avtomobillar bahosini ham, mobil aloqa xizmatlari bahosini ham eng kam ish haqiga nisbatan belgilashni taklif qilgan bo‘lardim. Chunki eng kam ish haqi har hafta o‘zgaravermaydi. Bundan tashqari, mamlakatimizdagi juda ko‘p to‘lovlar, masalan, oylik maoshlar, jarimalarning barchasi eng kam ish haqidan kelib chiqib belgilangan-ku. Eng kam oylik ish haqi miqdorining ko‘payishi maoshlarning, shu bilan birga, aholi xarid qobiliyatining oshishiga sabab bo‘ladi. Demak, eng kam oylik maoshga qarab mahsulotlar narxlarining, xizmatlarning oshishi aholiga qo‘shimcha og‘irlik tug‘dirmaydi.
Milliy valyutadan hammamiz har kuni foydalanamiz. Uni ko‘rganda qalbimizda milliy g‘ururimiz jo‘sh uradi. Zero, valyutamiz nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy qudratining, balki xalqimiz ma’naviy, ma’rifiy va madaniy salohiyatining ko‘zgusidir. Uni qo‘liga olgan kishining qadim Samarqanddagi Registon maydoni, Tillakori, Sherdor madrasalari, Amir Temur maqbarasi kabi tarixiy obidalar, shuningdek, poytaxtimizdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati binosi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri, “Istiqlol” san’at saroyi, Amir Temurning ulug‘vor haykali tasvirlariga ko‘zi tushadi. Bu tasvirlar mamlakatimizning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shunday ekan, o‘z pulimizni e’zozlashni, uning qadrini ko‘tarishni ham o‘ylaylik.
Bekqul EGAMQULOV
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»