10:02 / 04.08.2017
6 351

Prezident: «Bugungi estrada xonandalarining aksariyati to‘yga qatnash bilan ovora»

Prezident: «Bugungi estrada xonandalarining aksariyati to‘yga qatnash bilan ovora»
2017 yilning 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari bugungi estrada xonandalari haqida ham to‘xtalib o‘tdi, deb yozadi Kun.uz nashri.

Qayd etilishicha, eng ommaviy san’at bo‘lgan estrada san’atini rivojlantirish Madaniyat vazirligi e’tiboridan chetda qolmoqda. Bu sohada ijod qilayotgan aksariyat ijrochilar faoliyatida talabchanlik va mas’uliyat, ijtimoiy jarayonlarga daxldorlik tuyg‘usi tobora pasayib borayotgani aytildi.

“Men o‘z tajribamdan yaxshi bilaman, katta bayramlarimizni – bu Mustaqillik, Navro‘z yoki Konstitusiya bayrami bo‘ladimi – ularni o‘tkazishda bizni eng qiynaydigan, xunobimizni chiqaradigan narsa – bu estrada dasturi ekanini hammangiz yaxshi bilasiz. Ming afsuski, mana shu holat hali ham barham topgani yo‘q. Estrada san’atidagi kamchiliklarning asosiy sabablari hech kimga sir emas. Ko‘pchilik qo‘shiqchilar mas’uliyatni unutib, o‘z ustida ishlamay qo‘ygan, izlanish, mahoratini oshirish, yangi ijodiy g‘oyalar bilan yashash, san’at dunyosiga, muxlislarga hurmat kabi tushunchalar ularga begona bo‘lib qolgan, desak, qanchalik achchiq bo‘lmasin, bu ham haqiqat. Shunday san’atkorlar ham borki, unvon olgunicha tinimsiz elib-yuguradi, hol-joningizga qo‘ymaydi. Unvon oldimi, tamom, suvga tushgan toshdek jim bo‘lib ketadi. Ulardan unvonga yarasha, xalqning e’tiboriga yarasha ijod qani, deb so‘rash o‘rinlimi yoki yo‘qmi? Ijodkorning talabi bilan birga burchi ham bo‘lishi kerak emasmi?”, - dedi Prezident.

Ta’kidlanishicha, shu munosabat bilan musiqa san’ati sohasida faxriy unvonlar, avvalambor, “O‘zbekiston xalq artisti”, “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” kabi mukofotlar bilan taqdirlash masalasini, bu borada qabul qilingan normativ-me’yoriy hujjatlarni tanqidiy nuqtai nazardan qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgan.

“Unvon berishda san’atkorning faqat to‘rtta qo‘shig‘i emas, uning ijtimoiy faolligi, munosib shogirdlar tarbiyalagani, el-yurt o‘rtasidagi obro‘-e’tibori, eng muhimi, san’atga sadoqati ustuvor mezon sifatida belgilanishi shart. Boshqacha aytganda, biz bu yuksak unvonlarning nufuzi va obro‘sini saqlashimiz lozim. Bizning xalqimiz – san’atsevar xalq, o‘zi sevgan, yoqtirgan ijrochilarni nafaqat televizor yoki sahnada, balki o‘zining yaxshi kunlarida, to‘y-hashamlarida ham ko‘rgisi keladi. Buni hammamiz to‘g‘ri tushunamiz. Ming afsuski, bugungi estrada xonandalarining aksariyati hali Yangiyo‘lga, hali Shovotga, hali Yangiqo‘rg‘onga, hali Chiroqchiga to‘yga qatnash bilan ovora. Boshqa biron masala bilan ishi yo‘q. Albatta, san’atkorda ham oila, bola-chaqa bor, ularning ham hayotiy ehtiyojlari bor.

Buniyam to‘g‘ri tushunamiz. Lekin ijodni pulga, mol-dunyoga almashtirgan odamdan san’at shafqatsiz o‘ch oladi. Oxir-oqibatda har qanday yorqin iste’dod ham so‘nib, el-yurt nazaridan qoladi”, - degan Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident: «Bugungi estrada xonandalarining aksariyati to‘yga qatnash bilan ovora»