20:02 / 08.08.2017
6 385

Abiturientlarni aloqa vositasi bilan ta’minlamoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi

Abiturientlarni aloqa vositasi bilan ta’minlamoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi
Respublikamiz bojxonachilari tomonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan uyali aloqa vositalarining bojxona nazoratidan yashirincha, noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilishiga qarshi chora-tadbirlar davom etmoqda, deb xabar beradi Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati.

Xususan, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari poytaxt aeroportida Seuldan uchib kelgan fuqaro I.Xakimovning qing‘irliklarini fosh qilishdi. Unga tegishli yuk belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, yuklar orasidagi maishiy texnika buyumlarining tasviri nazorat-rentgan apparati ekranida shubhali aks etdi. Shundan so‘ng, ushbu apparaturalar xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganda, ularning orasiga qiymati 3,7 mln. so‘mlik 45 dona uyali telefonlar hamda ular uchun mo‘ljallangan 32 dona batareykalar mohirlik bilan yashirilgani fosh bo‘ldi.

Farg‘ona tumanining qo‘shni davlat bilan chegaradosh hududida harakatlanayotgan notanish shaxs huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillarini ko‘rib, yuklarini tashlab qochdi. Qoldirilgan yuklar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, ushbu shaxs qiymati 66 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan, xorijda ishlab chiqarilgan 70 dona mobil telefon hamda 40 dona televizion-tyunerlarini yashirincha olib kirishga uringani ma’lum bo‘ldi.

Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan ham shu turdagi bir nechta qonunbuzarlik holatlari fosh qilindi.

Xususan, “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona kompleksidan O‘zbekistonga kirib kelgan fuqarolar S.Sultonaliev, X.Maxmudov va E.Maxmudovlar bojxonachilarni chalg‘itishga urinib, kiyimlari ostidan bellariga bog‘lagancha, 165 ta muqaddam foydalanilgan qo‘l telefonlarini olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

Mazkur kompleksda bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida va yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida ma’lum qilmasdan turib, uyali aloqa vositalarini olib kirishga uringan shaxslardan yana biri fuqaro Sh.Suxrobovadir. Ushbu ayol ham qiymati 7,5 mln. so‘mlik 3 turdagi 16 dona mobil telefonni ichki kiyimlariga yashirgancha olib kirayotgan paytda fosh qilindi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Boshpochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida esa nano texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan so‘nggi avlod uyali aloqa vositalarining pochta jo‘natmalari orqali noqonuniy ravishda olib kirilishiga chek qo‘yildi.

Xitoydan Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro T.Amirxonov nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unda deklarasiyada boshqa nom bilan qayd etilgan, aslida valyuta plastik kartochkasi ko‘rinishida ishlab chiqilgan 10 dona Kardfon hamda 10 dona jajji quloqchinlar borligi aniqlandi.

Xitoydan poytaxtimizda istiqomat qiluvchi F.Kenjaeva nomiga keltirilgan yana bir pochta jo‘natmasida esa deklarasiyada qayd etilmagan 5 dona “VM50” rusumli kichik hajmdagi mobil telefonlar yuborilganligi ma’lum bo‘ldi.

Bunday ixcham va mo‘’jaz telefonlarning yilning ayni shu paytida noqonuniy ravishda olib kirishga urinishlar bejiz emas. Tahlillarga ko‘ra, ushbu aloqa qurilmalaridan 1 avgust – respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tgan davlat test imtihonlari jarayonida noqonuniy ravishda foydalanish ko‘zda tutilgan ekan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.


Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abiturientlarni aloqa vositasi bilan ta’minlamoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi