14:17 / 23.08.2017
5 637

Bloger mulohazasi: O‘zbekka tepadan buyruq kelishi kerak!

Bloger mulohazasi: O‘zbekka tepadan buyruq kelishi kerak!
Yoshi katta insonlarning aytib berishlariga ko‘ra, 1950-60 yillarda respublikamizning ko‘p joylarida bo‘lgani kabi bizning tumanimiz qishloqlarida ham insonlarning uylarida hojatxonalar bo‘lmagan ekan.

O‘sha paytdagi hokim majlislarda mahalla raislariga “Odamlarga aytinglar, kap-katta odamlar hojatlarini ochiq joylarda qilib yurmasinlar. Uyat buladi. Bu o‘zbeklarga yarashmaydi”, deb aytibdi. Odamlar esa bunga parvo ham qilmabdilar. Shunda tuman hokimi: “Kimning uyida hojatxonasi bo‘lmaydigan bo‘lsa, unga qarshi falon-falon choralar ko‘riladi”, deb ogohlantiribdi-da, keyin uning shaxsan o‘zi xonadonlarga birma-bir kirib tekshiruv o‘tkaza boshlabdi. Qarabsizki, oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan tumandagi barcha xonadonlar o‘zlariga hojatxonalar qurib olibdilar. Bizning tumanimizning qishloqlariga hojatxonalarning “kirib kelishi” mana shunday tarzda yuz bergan ekan…

… Bir guruh chet ellik turistlar bilan Buxoro shahriga sayohatga bordik. Buxoro shahrining obidalarining go‘zalligini va insonlarining mehmondo‘stligini ta’riflash uchun reklama va ortiqcha bo‘yoqlar shart emas.
Tabiiyki, turistlarimiz hursandchilikdan osmonlarda uchib yurar edilar. Sayohat davomida turistlarimiz programmaga kiritilmagan bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning tug‘ilgan qishlog‘i Afshonani ko‘rsak bo‘ladimi, deb qoldilar. Biz ularning iltimosini bajonidil qondirdik, lekin o‘zi shundoq ham kam qolgan vaqtimizni yanada tejashga to‘g‘ri keldi. Shundan keyin Ark sayohatidan to‘g‘ri chiqib, Navoiyga yo‘l oladigan bo‘ldik.

Arkni tomosha qilgach, mehmonxonaga borishga vaqtimiz bo‘lmaganligi sababli turistlar Ark binosida hojatxonaga kirishga ruxsat so‘radilar. Ularni hojatxonaga olib bordimu, hojatxonaning ahvolini ko‘rib, hayratdan qotib qoldim. Uning ta’rifini bermasam ham ko‘pchilik gap nimadaligini tushunib bo‘ldi, deb o‘ylayman. “Boshqa hojatxona yo‘qmi?” desam shu erdagi mas’ullar “Shahar ma’muriyatiga necha marta aytdik, lekin ular muammoni hal qilay demaydilar”, deb nolidilar. Turistlarimizning yarmi hojatxonaning hidiga chiday olmasdan to‘g‘ri avtobusga qarab yo‘l oldilar. Qolgan yarmi esa burunlarini yopib u erga kirib chiqdilar-da “Buxoro sayohati bunday tasvir bilan tugayotganligi yaxshi bo‘lmadi”, dedilar. Ular ketgach, hojatxonaga qarovchi kishi menga “Hojatxona pullik edi. Bularning xafaligini ko‘rib, pul so‘rashga xijolat bo‘lyapman” dedi…

… Yashirmayman, yoshligimda “uylansam, to‘yimni falonday va falonday qilib o‘tkazaman. To‘yimda falonchilar xizmat qiladilar va hokazolar”, deb orzu qilganman. To‘y mahali kelganda orzularimni sharoitga qarab moslashtirishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa ham to‘yimizning dabdabasiyu dahmazasiga ketkazgan xarajatlarimiz kam bo‘lgani yo‘q. Oradan yillar o‘tib, endi “bizga shuncha dabdaba kerakmidi?” deb o‘ylab qolaman. Javobi : Albatta kerak emas edi. Lekin shularni qilmasak bo‘lmasdi. Nima uchun?
Nima uchunligini ijtimoiy tahlil tushuntirib beradi. Bizning jamiyatimizning faoliyati Indeys qabilalaridagiga o‘xshab “oldi-berdi”, “ko‘z-ko‘z” va “salom-alik”lar asosiga qurilgan. O‘zgalarning to‘ylarida non-tuz edikmi, o‘zgalar ham bizning to‘ylarimizda non-tuz eyishlari kerak.

Biz ularning to‘ylarida hadyalar berdikmi, ular ham bizning to‘ylarimizda hadyalarni qaytarishlari kerak. Ular o‘zlarining to‘ylarida “ko‘z-ko‘z” qilib limuzin olib keldilarmi biz ham ulardan o‘tkazib, o‘z to‘ylarimizga limuzinlar karvonini olib kelishimiz kerak. Bizning boshqalardan zo‘rligimiz emas, balki o‘zgalar bizni “zo‘r ekan” deb o‘ylab ketishlari muhim. To‘y bu insonlarga o‘zimizning tanish-bilishlarimiz qanchalik ko‘p ekanligini ko‘rsatib qo‘yish imkoniyatidir. To‘yimizga prokuror, shahar hokimi, vazirlikda ishlaydigan falonchi insonlar kelsa, odamlar biz bilan o‘ylab muomala qiladigan bo‘ladilar, deb ishonamiz. Prokuror bizni shaxsan tanishi ham shart emas. Birovlarga qo‘shilib, to‘yimizga kelib, bir piyola choy ichib ketsa bo‘ldi.

Mana shu “kimoshdi” urf-odatning oqibatida poytaxtimizda bitta to‘yga bir emas, bir nechta artistlar keladigan bo‘ldi. Hozir O‘zbekistonda 5000 emas 50 000 artist bo‘lsa ham ularning barchasiga to‘y topiladi. Oldinlari kelin to‘ydan keyin qaynona-qaynotaning uyiga kelgan bo‘lsa, hozir kelin-kuyov to‘ydan keyin yangi kvartiraga borishlari majburiydir. Oldin kundalik hayot uchun zarur shkaf, sandiq va bir ikkita mebelchalar qilingan bo‘lsa, hozir odamlar ko‘rib qo‘yishlari uchun Fransiya qirollari ham orzu qilmagan shohona mebellar sotib olinadi.

Poytaxt o‘z nomi bilan poytaxt. Ya’ni Toshkent boshqa viloyatlarga o‘rnak. Bugun Toshkentda urf bo‘lgan odatlar ertaga viloyatlarga yoyiladi. Qarabsizki, butun respublikamiz bir-birining ketidan quvib, to‘ylarimizni aql-bovar qilmas xarajatlar bilan qilinadigan ahmoqona udumlar ko‘rinishiga olib keldilar. Bizning to‘ylarni cho‘ntagida 10 so‘m puli bor odam 1000 so‘m qarz olib, mingta odamni restoranga taklif qilishiga o‘xshatish mumkin. Eng achinarlisi, ilgarilari bu “kimoshdi” soatiga 50 kilometr tezlikda harakatlanayotgan bo‘lsa, hozirda u insonlarning yashash sharoitlarining yaxshilanishi evaziga soatiga 200 qilometr tezlikda harakatlana boshladi va tezlik yanada ko‘tarilishda davom etmoqda…

… Bugun ko‘pni ko‘rgan, ziyoli va jurnalist akamiz Maqsud Jonixonov Feysbuk tarmog‘ida turmush qurganlaridan keyin mebel-matohlar sababli boshlari urush-janjaldan chiqmay qolgan bir oila haqida kuyinib post yozdilar. Maqsud aka bor yo‘g‘i birgina misolni keltirdilar, xolos. Siz istagan bir o‘zbekni to‘xtatib so‘rang, u sizga bunday va bundan battar bo‘lgan misollarning bir nechtasini aytib beradi.

To‘y aslida o‘zbekning oilasidagi baxt timsoli bo‘lishi kerak emasmidi? Kitoblarda yozilishiga ko‘ra — ha. Ammo biz o‘zimiz yaratib olgan dabdabalarning orqasidan quvishimizning natijasida to‘ylarimizni baxtsizlik va halovatsiz hayot ramziga aylantirib yubormoqdamiz. Buni zudlik bilan o‘zimiz to‘xtatishimiz kerak. Agar buni o‘zimiz to‘xtata olmaydigan bo‘lsak, buni “hokim”larimiz, davlat rahbarlarimiz to‘xtatishlari kerak. Agar o‘zbek o‘z ahmoqligini o‘zi to‘xtata olmaydigan bo‘lsa, unga bu haqda “tepa”dan buyruq kelishi kerak. U shundagina o‘z ahmoqligini to‘xtatishi mumkin.

Doniyor Ro‘zmetov
2016 yil, 31 oktyabr


Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bloger mulohazasi: O‘zbekka tepadan buyruq kelishi kerak!