08:05 / 07.10.2017
6 200

Poyezd ostidagi o‘lim. Vladimirdagi fojia tafsilotlari va oqibatlari

Poyezd ostidagi o‘lim. Vladimirdagi fojia tafsilotlari va oqibatlari
6 oktyabr kuni avvalida Rossiyaning Vladimir viloyatidagi temiryo‘l kesishmalaridan birida yo‘lovchi poyezdi o‘zbekistonlik ishchilar mingan, qozog‘istonlik haydovchi boshqaruvidagi «Mersedes» rusumli avtobusni urib ketdi. Fojia oqibatida rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 17 kishi halok bo‘ldi, shundan 16 nafari O‘zbekiston fuqarolaridir. Halok bo‘lganlarning ikki nafari bolalar, yana bir bola shifoxonaning jonlantirish bo‘limida qolmoqda.

Avtobusda jami 58 kishi bo‘lgan (qozog‘istonlik ikki haydovchi va 56 yo‘lovchi). Haydovchilarning biri, 1970 yilda tug‘ilgan Qozog‘iston fuqarosi Daniyar Shildebayev halok bo‘ldi. Ikkinchisi, 1977 yilda tug‘ilgan Nurgali Sarmanov ayni vaqtda boshqa jabrlanuvchilar bilan birga Pokrovdagi vaqtinchalik joylashtirish punktida.

Dastlabki versiyaga ko‘ra, Pokrovda avtobus tirbandlikka tushib qolgan. Haydovchi aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan, buning uchun yon trassadan temir yo‘lga chiqqan. Lekin avtobus temir yo‘l ustida buzilib qolgan.

Poyezd kelib urilishidan oldin avtobusdan chiqishga ulgurganlar omon qolgan. Ular avvaliga avtobusni itarib chetga olib chiqmoqchi bo‘lishgan, ammo buning iloji bo‘lmagan.

Halokatdan avval avtobusdagilarning aksar qismi uyquda edi. Omon qolganlardan biri guvohlik berishicha, temir yo‘l navbatchisi poyezd yaqinlashayotgani haqida ogohlantiruvchi belgi qo‘ymagandi.

Moskva temir yo‘l boshqarmasi vakillari esa o‘tish yo‘li shlagbaum, yorug‘lik va ovoz signalizatsiyasiga ega bo‘lganini aytmoqda.

Poyezd mashinisti favqulodda tormozlanishni qo‘llagan, ammo poyezd to‘liq to‘xtashi uchun masofa qisqalik qilgan. Poyezd to‘xtashi uchun 746 m masofa kerak edi, ammo mashinist tormozni bosganida o‘rtadagi masofa 400 metrni tashkil etardi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Mersedes-Bens O 303» markali bu avtobus 1990 yili ekspluatatsiyaga kiritilgandi. Germaniyada bunday avtobuslar ishlab chiqarilishi 1993 yildayoq to‘xtatilgan.

«Ishlab chiqarilganiga 24 yildan ortiq vaqt bo‘lgan transport vositasining texnik uskunalari eskirganiga 15 yildan oshgan. Rossiyada harakatlanuvchi avtobuslarning yarmidan ortig‘i eskirgan», deyilgan vaziyatni baholagan GAZ kompaniyasi matbuot xizmati.

Ushbu hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Jinoyat ishi Rossiya Jinoyat kodeksining 263-moddasi 3-qismi («temiryo‘l, havo, dengiz va ichki suv transporti va metropoliten harakati xavfsizligi va undan foydalanish qoidalarini buzish») alomatlari bilan qo‘zg‘atilgan. Mazkur modda bo‘yicha ayblanuvchilar uzog‘i bilan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Tergov ushbu hodisaning sababi sifatida 3 variantni ko‘rib chiqmoqda: texnik nosozligi, haydovchisi tomonidan yo‘l harakati qoidasi buzilishi, poyezd brigadasi tomonidan yo‘l va xavfsizlik qoidalari buzilishi.

Avtobus haydovchisi qoidalarni buzgani aniq. Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, transport vositasi temir yo‘l ustida buzilib qolsa, haydovchi birinchi navbatda yo‘lovchilarni tashqariga chiqarishi va ularni xavfsiz hududga o‘tkazishi kerak. Ikki kishi temir yo‘l bo‘ylab qarama-qarshi tomonga imkon qadar uzoqroqqa borib, qarshidan keluvchi poyezd mashinistini fonar yoki boshqa vosita orqali ogohlantirishi kerak. Ammo avtobus haydovchisi bu ishlarni qilmagan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev halok bo‘lganlarning jasadlarini va jabrlanganlarni mamlakatga qaytarish bo‘yicha komissiya tuzishni topshirdi.

Ayni vaqtda Sog‘liqni saqlash vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlaridan tarkib topgan guruh jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish uchun maxsus bort orqali Rossiyaga jo‘natilgan. Bu samolyot 7 oktyabr kuni O‘zbekistonga qaytib, Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahriga qo‘nadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, halokatga uchragan avtobusda asosan surxondaryoliklar bo‘lgan.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Poyezd ostidagi o‘lim. Vladimirdagi fojia tafsilotlari va oqibatlari