Va nihoyat!
Prezident Shavkat Mirziyoyevning yuksak minbardan turib aytgan so‘zlaridan keyin, to‘ylarda haddan oshib ketganimizni angladik. Ha, to‘y va ma’raka bor-yo‘g‘imiz, hayot-mamotimiz bo‘lib qolgan. Inson tug‘iladi — aqiqa qiladi, musulmon bo‘ladi — sunnat to‘y, uylanadi — nikoh to‘y, farzand ko‘radi — bir qator to‘ylar qiladi va bu dunyodan o‘tib (tushunamiz qo‘pol so‘z, lekin haqiqat), ma’raka tashkillashtiradi. Butun hayot, uning mazmun-mohiyati shundan iborat bo‘lib qolgan.
Bir paytlar, qadimgi Rimda, Yuliy Sezar davrida "Dabdabaga qarshi qonun" amalda bo‘lgan ekan. Har qanday inson bir kunda 300 sestersiydan ortiq pul sarflashi taqiqlangan ekan ushbu qonun bilan. Demak, ularda dabdabali to‘ylar odat bo‘lmagan. Albatta-da, rimliklar ahmoq bo‘libdimi topgan-tutganini birovlarga sarflagani? Ular o‘zini hurmat qilgan va topganini o‘ziga sarflagan. Shu sababli ham ularning qonuni kunlik mablag‘ sarflanishini cheklagan.
Yana bir xulosa — baribir insonni o‘zini o‘zidan cheklash lozim ekan-da. Demokratiyaning beshigi sanalgan Rimdaki, shunaqa qonun qabul qilingan ekan, inson nima yaxshi, nima yomonligini aniq bilmaydi, chamasi.
Duolarimiz g‘alati: topgan-tutganing to‘yga buyursin!
Hech kim aytmaydiki, odam to‘ylar va ma’raka orasida ham yashashi kerak-ku! Bechoraning o‘zigayam nimadir qolsin! To‘y qilib, birovlarga yedirib yuboraverib, o‘zi va bola chaqasi bir umr beli bukilib xizmat qilib yurmasin! Qisqagina umri davomida hech bo‘lmasa to‘rt-besh yil o‘zi uchun yashasin!
Yo‘q, bunaqa deyilmaydi. Ishlasin, topgan-tutganiga to‘y qilsin!
Albatta, haqli e’tiroz paydo bo‘ladi: bizni kim majburlayapti? Dabdabali to‘y qilmasin! Chumchuqqa g‘oz bo‘lishni kim qo‘yibdi?
Hamma gap shunda-da, hech kim chumchuqligini tan olgisi kelmaydi. Ayniqsa, bizda, hammasi jamoada hal bo‘ladigan, jamoa fikri har nedan ulug‘ sanalgan jamiyatda gap-so‘z bilan, nasihat bilan bu singari or-nomusga tegishli masalalarni hal qilib bo‘lmaydi.
Qo‘shni yoki tanish dabdabali to‘y qilib, seni bir pog‘ona pastga tushirib qo‘yishga, yerga urishga harakat qilayotgan bo‘lsa (balki bunday emasdir, lekin bir kun, "san-man"ga borib qolganingda albatta kamxarj to‘y qilganingni yuzingga soladi, juda bo‘lmasa bundan keyin mensimay qo‘yadi) chidab turish mumkinmi?
To‘ylar yaxshi, yeb-ichish, o‘yin-kulgi undan-da yaxshi.
Biroq, hozir ocharchilik zamoni emas, baqir-chaqir qo‘shiqlar esa allaqachon ko‘pchilikning joniga tegib bo‘lgan. To‘yga borish odamlarga malol kelib ham qoldi. Biroq bormasa bo‘lmaydi. O‘zi ham to‘y qiladi. Shunda "ular" ham kelmasligi mumkin!
Dabdabali to‘ylar qilayotganning barchasi ham oshib-toshib yotgani yo‘q, aslida. Lekin jamiyatdagi yozilmagan qonunlarga bo‘ysunishga majburmiz, axir sharqliklarmiz. Shapaloq bilan bo‘lsa ham yuzni qizartirib yurishimiz shart.
To‘y — siyosiy-ijtimoiy hodisaga va majburiyatga aylandi. Kimdir to‘y qilishga majbur, kimdir unga borishga! Shunday ekan, bu ikkala tomonni ham urintiradigan tadbir kimga kerak?
Bizda ham dabdabaga qarshi qonun qabul qilinadigan vaqt keldi.
Erkin jamiyat, hammaning ixtiyori o‘zida, deb o‘ylash noo‘rin. Bu aslida hammaning dilidagi gap.
Shunisi borki, tilda, albatta, ko‘pchilik bunga qarshi bo‘ladi, davlatning qonunidan norozi bo‘lganday gap qilishi ham tayin. "Agar shu qonun bo‘lmaganda, falonday to‘y qivorardim", "falon ming odam chaqirmoqchi edim", deganga o‘xshash bir nimalar deydi. Lekin buyam Afandining ariqdan sakrolmaganiga o‘xshash bir gap-da. "Bolaligimdayam go‘r emasdim" deydi-ku o‘ziga o‘zi. Ya’ni asl haqiqatni faqat o‘zi biladi, o‘zgalar uchun esa boshqa gap qiladi.
Na iloj, davlat fuqarosini nafaqat jinoyatchilar, tashqi dushmandan, balki uning o‘zidan ham himoyalashiga to‘g‘ri keladi, chamasi.
Manba: sputniknews-uz.com “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Boku shahriga bordi
O‘zbekistonlik MMAchilar jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallashdi
Olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan toshkentlik o‘qituvchi 1 milliard so‘m mukofot puli oldi
AQSH Registon maydoni arxitekturasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratdi
Turkiya klubi sobiq prezidenti hakamga hujum qilgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi